O‘zbekiston | 19:36 / 17.01.2019
42177
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Hindistonga keldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevni “Ahmadobod” xalqaro aeroportida Hindiston rasmiy shaxslari kutib oldi.  

O‘zbekiston prezidenti 18 yanvar kuni Gandinagar shahriga tashrif buyurib, «Jo‘shqin Gujarat» sammitida ishtirok etadi hamda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokara o‘tkazadi.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston rahbari sammit yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi.

Bosh vazir Narendra Modi tashabbusi bilan 2003 yildan buyon Gandinagar shahrida o‘tkazib kelinayotgan “Jo‘shqin Gujarat” sammiti mintaqadagi eng yirik xalqaro forum hisoblanadi. Unda davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, xalqaro tashkilot va transmilliy korporatsiyalar rahbarlari, yetakchi tahlilchilar, ekspertlar ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 30 sentabr – 1 oktabr kunlari Hindistonda tashrif bilan bo‘lgandi. Tashrif davomida O‘zbekiston prezidenti Hindiston rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.

Mavzuga oid