Jamiyat | 17:11 / 17.01.2019
7853
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Soliq organlari – soliq to‘lovchining eng yaqin ko‘makdoshidir

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bugun kun sayin har bir jabhada o‘z tasdig‘ini topayotir. Ayniqsa, soliq to‘lovchilar va tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay, asosiysi soddalashtirilgan, soliq yuki pasaytirilgan tizimni joriy etish eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib keldi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 508-sonli Qonuni hamda “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4086-sonli qarori soha rivojida muhim dasturilamallar bo‘lib xizmat qilayotir.

Mazkur hujjatlar bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan eng muhim vazifalarning huquqiy asoslari bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jumladan, ushbu qonun hujjatlari bilan ish beruvchilar tomonidan xodimlariga ish haqi berishning konvert usuliga chek qo‘yish maqsadida mehnatga haq to‘lash fondi bilan bog‘liq soliq yuki keskin kamaytirilib, fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga 8 foiz miqdoridagi sug‘urta badali to‘lovi bekor qilindi. Yagona ijtimoiy to‘lovining amaldagi 15 va 25 foizlik stavkalari 12 foizgacha pasaytiriladi (budjet tashkilotlar, davlat tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan va undan ko‘p bo‘lgan korxonalar bundan mustasno) hamda xodimlarning daromadlari oshib borishi bilan soliq stavkalari xam oshishini ko‘zda tutuvchi mantiqsiz hamda soliqning rag‘batlantirish prinsipiga qarama-qarshi bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 4 pog‘onali 0, 7.5, 16.5 va 22.5 foizlik progressiv shkalasi bekor qilindi hamda uning o‘rniga yagona 12 foizli stavka belgilandi.

E'tiborlisi, soliq hisobotlari soddalashtirilib, “soliq to‘lovchi faqat o‘z vaqtida solig‘ini to‘lash kerak” prinsipidan kelib chiqib, hisobotlarga ilovalar foyda solig‘ida 7 ta (9 ta qoldi)ga, yagona soliqda 6 ta (7 ta qoldi)ga QQSda 4 ta (5 ta qoldi)ga va mol-mulk solig‘idan 2 ta (6 ta qoldi)ga kamaytirildi.

Shu bilan birga, soddalashtirilgan yagona soliq to‘lovi rejimida soliqlarni to‘lashni tanlash huquqiga ega bo‘lishning amaldagi mezonlariga o‘zgartirishlar kiritilib, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, soliq davridagi tovar aylanmasi (yalpi tushum) 1 milliard so‘mdan oshmagan soliq to‘lovchilar yagona soliq to‘lovi rejimida soliqlarni to‘lashni tanlash huquqiga ega bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Soliq davridagi yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshadigan yuridik shaxslar esa budjet va budjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalariga Soliq kodeksining 23-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarida ko‘rsatilgan umumbelgilangan tartibdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashlari belgilab qo‘yildi.

Xususan, qurilish tashkilotlari 8 foizlik stavkada, chakana, ulgurji, shuningdek, ulgurji-chakana savdo korxonalari 6 foizlik stavkada, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xo‘jaligi korxonalari 10 foizlik stavkada, kasbiy xizmatlar ko‘rsatadigan yuridik shaxslar 15 foizlik stavkada, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qiladigan yuridik shaxslar, o‘zining ishlab chiqarish mahsulotlari bundan mustasno 4 foizlik stavkada hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi boshqa yuridik shaxslar 7 foizlik farqlangan stavkada qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, soliq organlari xodimlari soliq to‘lovchilar va tadbirkorlik sub'yektlarini tekshiruvchi organ emas, balki ularga ko‘makchi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilmoqda. Zero, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan hayotiy tamoyil asosida ish yuritish eng dolzarb vazifalardan biridir.

Davronbek BABAJANOV
Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid