O‘zbekiston | 21:15 / 18.01.2019
24728
2 daqiqa o‘qiladi

Parvozdan olingan Dreamliner Amsterdamda ko‘rikdan o‘tdi

Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti to‘liq upgrade qilingach, u parvozga qo‘yildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

24 dekabr kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasiga qarashli, Moskva-Toshkent yo‘nalishida HY604 reysini amalga oshirgan Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti parvozi 1 soatu 18 daqiqaga kechikkandi. 

Kompaniya «kechikish»ni yo‘lovchilarni samolyotga chiqarish va havo kemasining muzlashga qarshi ishlovi bilan bog‘lagan. Dreamliner'ning parvozdan olinishi esa samolyotning qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha puxta tekshiruvdan o‘tkazilishi bilan izohlangandi.

«Me'yordan og‘ish aniqlangan taqdirda, samolyot parvozdan olinadi hamda qo‘shimcha tekshiruv yoki ta'mirlashga jo‘natiladi», – deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha,  kelgusida qimmat ta'mirlash ishlarining oldini olish maqsadida, 24 dekabr kuni dvigatellarini rejali modifikatsiya qilish (Upgrade) uchun jo‘natilgan samolyot Niderlandiyaning Amsterdam shahrida mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdi. Dreamliner 14 yanvar kuni O‘zbekistonga qaytgan va parvozga qo‘yilgan.

Ayni paytda u Dubay, Istanbul, Seul, Sankt-Peterburg, Sharja shaharlariga qatnovni amalga oshirmoqda

16 yanvar kuni kompaniya aviaparki tarkibidagi boshqa Dreamliner'ning rejali xizmat ko‘rsatish va modifikatsiyaga yo‘llangani haqida xabar tarqatdi. 

Qayd etilishicha, bu borada noto‘g‘ri ma'lumot tarqalishining oldini olish maqsadida Uzbekistan Airways tomonidan Boeing va General Electric kompaniyalari vakillari ishtirokida brifing tashkil etiladi.

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga ko‘ra, 2019 yilda 2ta yangi  Boeing 787 Dreamliner samolyoti xarid qilinadi.

Mavzuga oid