2019 yil yanvar oyida umumiy ovqatlanish sohasida xizmat narxlari sezilarli ravishda oshdi. Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Timur Musin esa kelgusi ikki oyda narx siyosatini o‘zgartirmaslikka va'da bermoqda. Aslida, gap nima haqda ketmoqda? Kalavaning uchi qayerda? Nega umumiy ovqatlanish sanoati jiddiy o‘zgarishlarga yuz burmoqda? 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:

– Umumiy ovqatlanish sanoati O‘zbekistondagi eng muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi. Uning dolzarbligi shundaki, xizmatlar aholi uchun ko‘rsatiladi, barchamiz kafe, restoran va yemakxonalarda ovqatlanishga odatlanganmiz. Biz bu maskanlarda tantana, shodiyonalar, to‘y marosimlarini tashkil etishga odatlanganmiz.  

Yuliy Yusupov

Turizm nuqtai nazaridan qaraganda ham, bu juda muhim tarmoq bo‘lib qoladi. Sayyohlar mazali taomlardan lazzatlanish uchun ham O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Biz bu borada maqtansa bo‘ladigan tajribaga egamiz va turizmni rivojlantirishni istasak, umumiy ovqatlanish tarmog‘i haqida qayg‘urish lozim. 

Afsuski, davlat moliya organlari tarmoq faoliyatiga tushunarsiz munosabatda bo‘lmoqda. Agar tarmoq to‘layotgan soliqlarga nazar tashlasangiz, masalan, o‘tgan yili yagona soliq to‘lovchisi sifatida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar 5 foiz, chakana savdo 4 foiz, umumiy ovqatlanish tarmog‘i esa 10 foiz stavkada soliq to‘lagan.  

Timur Musin, Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi va rahbari:

Timur Musin

– Uyda tayyorlash mumkin bo‘lgan ovqat uchun, go‘yo ikki baravar narx to‘layotgan xo‘randa nuqtai nazaridan emas, balki umuman umumiy ovqatlanish sanoati nima ekanligini aytib bermoqchiman. O‘zbekistonda mavjud barcha ishlab chiqarish turlari kabi umumiy ovqatlanish tarmog‘i ham ishlab chiqarishning boshqa ko‘rinishi. Guruch va go‘shtdan palov tayyorlash uchun faqat ishlab chiqarish tarmog‘i emas, qimmat turadigan bug‘ konvektomatlar, gaz plitalari, zaruriy barcha anjomlar, mikser, blender va yana nimalardir kerak. Albatta, yuqori malakali oshpaz ham zarur.