Jahon | 22:24 / 18.01.2019
9629
2 daqiqa o‘qiladi

Yer atrofida 7 ming tonnadan ziyodroq chiqindi aylanib yurgani ma'lum qilindi 

AQSh, Rossiya va Xitoy sayyoramiz atrofidagi fazoni koinot chiqindilari bilan ifloslash borasida yetakchilar hisoblanadi. Bu haqda Moskva davlat texnika universiteti tomonidan tayyorlangan maqolalardan birida aytilgan.

“Koinot chiqindilari miqdori bo‘yicha AQSh yetakchi hisoblanadi, 2-o‘rinda Rossiya, 3-o‘rinda esa Xitoy turadi. Bu uchta davlatga koinot chiqindisining 93 foizi to‘g‘ri keladi. Har yili bu chiqindi miqdori 4 foizga ko‘payib bormoqda”, deyilgan maqolada. Orbitadagi chiqindi miqdori ko‘payishda davom etmoqda – oxirgi uch yil ichida u har yili taxminan 100 tonnaga yoki 2 foizga yaqin ko‘paymoqda.

Koinot chiqindisi ko‘proq orbital qurilmalarning bo‘laklanib ketishi va to‘qnashishi sababli hosil bo‘ladi. Bundan tashqari, orbitani raketalarning ishlab bo‘lingan pog‘onalari va tezlashtiruvchi bloklari, ishlamay qo‘ygan sun'iy yo‘ldoshlar, parvozlar vaqtida ajrab chiqqan bo‘laklar ifloslantiradi. 2017 yil ma'lumotlariga ko‘ra, yer atrofidagi orbitada 10 santimetrdan kattaroq 18 mingta obekt, jumladan 1200 ta sun'iy yo‘ldosh, 750 mingta bir santimetr keladigan zarra, millimetrdan kichikroq 150 mlnga yaqin bo‘lak bor.    

Olimlarning ta'kidlashicha, yer atrofidagi fazoda bo‘laklar ertami-kech sekinlashib, yerga tushib, katta qismi atmosferada yonib ketsa, geostatsionar orbitada ular abadiy aylanib yurishi mumkin, bunday chiqindilar bilan to‘qnashuv xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holda uzoq bo‘lmagan kelajakda yaqin koinot katta miqdordagi chiqindi sababli amaliy foydalanish uchun yaroqsizga aylanishi mumkin. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid