O‘zbekiston | 19:00 / 21.01.2019
28655
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Angela Merkel bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan uchrashdi. O‘tkazilajak muzokaralar oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkillashtirildi. 

Angela Merkel O‘zbekiston prezidentining tashrifi uzoq tanaffusdan keyingi muhim tashrif ekani, ikki tomonlama hamkorlik rivojiga katta turtki berishini ta'kidladi.

«Biz O‘zbekistonning ishonchli sherigi bo‘lishni xohlaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ko‘plab imkoniyatlar borligini ko‘rmoqdamiz», - degan Germaniya kansleri.  

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat uchun chuqur minnatdorlik bildirib, germaniyaliklarni joriy yil may oyida nishonlanadigan Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etilganining 70 yilligi bilan tabrikladi.

Tomonlar so‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani, siyosiy muloqotlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Germaniya bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga intilishini alohida ta'kidladi. 

Muzokaralarda siyosat, xavfsizlik, savdo, texnologiya, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama etilishi ma'lum qilindi. 

Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yanada yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekani qayd etildi. 

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi asosida ikki tomonlama munosabatlar mustahkamlanishi ta'kidlandi. 

Uchrashuvda zamonaviy tahdid va xatarlar, avvalo terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilishi aytib o‘tildi. Afg‘onistonda tinchlik jarayonini tez fursatda boshlash ham kun tartibidagi muhim masalalardan ekani qayd etildi. 

O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasida konstruktiv muloqot, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimining shaffofligiga hamda korrupsiyaga to‘liq barham berilishiga erishish maqsadida hamkorlik uchun ochiq ekani ta'kidlandi. 

Mavzuga oid