O‘zbekiston | 12:41 / 23.01.2019
5545
3 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: “O‘zbekiston ekologik qonun hujjatlaridagi noaniqliklar xorijiy investorlarning tashrifiga to‘sqinlik qilmoqda”

O‘zbekistonda ekologiya sohasidagi qonunchilikni targ‘ib qilishda keng jamoatchilik ishtiroki yetishmaydi. Bu haqida huquqshunoslik sohasidagi xalqaro maslahatchi Andrey Andrusevich Toshkentda tashkil etilgan seminar davomida ta'kidlab o‘tdi. Seminar mavzusi “O‘zbekistonda atrof-muhitni strategik baholashning zamonaviy tizimi”ga bag‘ishlandi.

Andrey Andrusevich "Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi bo‘yicha taqriz taqdim etdi va bu borada o‘z takliflarini aytib o‘tdi.

“Taqrizda aniq xulosalar mavjud va asosiy xulosalardan biri shundaki, O‘zbekiston Respublikasida rejalashtirilgan iqtisodiy faoliyatning atrof-muhitni baholash tizimi yetarli darajada samaralidir, — deb qayd etdi ekspert. — U o‘ziga xos, xattoki, noyob deb ayta olaman. Va u atrof-muhit yuzasidan o‘z vazifalarini bajaradi. Biroq, agar xalqaro standartlar, investorlar, rivojlanish banklari va boshqalar nuqtai nazaridan qaralsa, u albatta xalqaro darajadan katta farq qiladi. Ayni paytda, bu sobiq sovet davlatlaridagi AMTB (Atrof-muhit ta'sirini baholash) ekspertizasi tizimidir, tashqi investorlar uni tushunishmaydi. Shuning uchun biz bir necha bo‘shliqlarni bartaraf etishni taklif qilamiz. Xususan, ikkita asosiy kamchilik mavjud: shaffoflik va jamoatchilik ishtiroki, shuningdek, qonun hujjatlarida noaniqliklar”.

Shuningdek, ma'ruzachi amalda, investorlarga taqdim etiladigan talablar qonuniy asosga ega emasligi, qonunlar yetarli darajada batafsil va aniq bo‘lishi lozimligini aytib o‘tdi. Sababi, tashqi investorlar uchun qonunchilik talablarining amaliyotga mos kelishi nihoyatda muhimdir. Bu tizim tashqi investorlarga yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun modernizatsiya qilinishi kerak.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, ekologik baholash - rejalashtirilgan faoliyatning atrof-muhitga ta'sirini tizimli tahlil qilish va baholash, manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashish, shuningdek ushbu tahlil va konsultatsiyalar natijalari faoliyatini rejalashtirish, loyihalash, tasdiqlash va amalga oshirishda hisobga olish jarayoni.

Mavzuga oid