O‘zbekiston | 20:28 / 23.01.2019
176482
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Gulnora Karimovaning pullarini qanday sarflaydi? 

Foto: Getty Images

Gulnora Karimovaga tegishli 800 million frankni o‘zida saqlashni istamayotgan Shveytsariya hukumati pullarni O‘zbekistonga qaytarishga shoshmayapti. 

«Shveytsariya noqonuniy yo‘l bilan topilgan boylikni o‘zida saqlab turishdan manfaatdor emas», – deb javob bergan TIV Gulnora Karimovaga tegishli aktivlar taqdiriga qiziqqan DW so‘roviga. 

Shveytsariya prokuraturasining DW’ga bildirishicha, jinoiy ishni mantiqiy yakuniga yetkazish uchun sud kollegiyasining qolgan to‘rt ayblanuvchiga nisbatan qarorini kutish kerak bo‘ladi.

«Keyingi o‘ttiz yil davomida Shveytsariya ikki milliard dollardan ortiq pulni qaytargan - bu boshqa har qanday davlat qaytargan mablag‘dan ko‘proqdir. Ammo hozirda qaytarilishi lozim bo‘lgan boylik bilan qanday ish tutish kerakligiga baho berishga hali erta», – deyiladi Shveytsariya TIV bayonotida. 

Ma'lum qilinishicha, asosiy masala – uning Shveytsariyadagi aktivlarini nima qilish kerakligiga javob topish lozim. Ya'ni aktivlarni qaytarish va ularni qanday sarflash bo‘yicha tomonlar o‘rtasida hujjat imzolanishi zarur.  

Ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Kun.uz'ga izoh berib, «bu o‘zbek va shveysar prokuraturalari o‘rtasidagi idoralararo masala» ekanini bildirdi. 

 «Bular ochiqlanmaydi, ayni paytda muzokaralar davom etmoqda», – deydi Bosh prokuratura matbuot kotibi Surayyo Rahmonova. 

Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i Mansur Maqsudiy ham Gulnoraning pullariga da'vo qilyapti. Uning Der Bund gazetasiga bergan intervyusida Maqsudiylarga tegishli bo‘lgan O‘zbekistondagi barcha mulklari tortib olingani haqida gap boradi. 

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmiga ko‘ra  5 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimova mamlakat hududida jazoni o‘tamoqda. ​

Mavzuga oid