Jahon | 20:29 / 28.01.2019
15547
4 daqiqa o‘qiladi

BMTning sobiq xodimi AQShning BMTga o‘z amrini o‘tkazishi haqida so‘zlab berdi  

Foto: RIA Novosti / Roman Maxmutov

BMTning sobiq maxsus ma'ruzachisi Alfred de Zayas The Independent nashriga bergan intervyuda Venesueladagi iqtisodiy inqirozning bosh sababi AQSh tomonidan kiritilgan sanksiyalar ekanligini aytdi.

De Zayas BMTning oxirgi 21 yilda Venesuelada bo‘lgan birinchi vakilidir. Jumladan, u Venesuelaga joriy inqiroz boshlanishidan avval, 2017 yil oxirida tashrif buyurgan. U tashrif vaqtida nafaqat Venesuela hukumati vakillari, balki mamlakatda ishlovchi notijorat tashkilotlari, muxolifat, olimlar, faollar, cherkov, biznes va BMTning mahalliy bo‘limlari vakillari bilan suhbatlashgan.

“Sanksiyalar halokatlidir”, deb aytgan de Zayas intervyuda va ulardan aholining eng nochor qatlamlari eng ko‘p aziyat chekishini ta'kidlab o‘tgan. 

U Lotin Amerikasi davlatiga safaridan keyin BMTga safari haqida hisobot taqdim qilgan va unda Xalqaro jinoiy sud AQSh sanksiyalari insoniyatga qarshi jinoyatligi bo‘yicha tergov o‘tkazishi kerakligini taklif qilgan. Uning fikricha, sanksiyalar BMT ma'qullovisiz qabul qilingani uchun ham noqonuniydir. “Zamonaviy iqtisodiy sanksiyalar va blokada o‘rta asrlarda shaharlarning qamal qilinishiga o‘xshashdir”, deb aytgan BMTning sobiq xodimi.

Uning aytishicha, BMTda uning hisoboti inobatga olinmagan, tashkilotning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari esa u bilan uchrashishdan bosh tortgan. De Zayasning fikricha, buning sababi uning xulosalari Venesuela tuzumning o‘zgartirilishiga muhtojligi haqida tarqalgan fikrlarga zidligi, BMT esa mamlakatdagi tuzumni qoralovchi va uni ag‘darishga chaqiruvchi hisobotlardan manfaatdor ekanligidadir.

De Zayasning aytishicha, bu jarayonda bosh rolni prezident Nikolas Maduroni ag‘darishga urinayotgan AQSh o‘ynaydi. BMT sobiq xodimining ta'kidlashicha, AQSh BMTda “davlatlar qo‘llarini qayirib” va ularni iqtisodiy oqibatlar bilan qo‘rqitib, ularni o‘ziga foydali tarzda ovoz berishga majburlaydi.

De Zayasning ta'kidlashicha, gap shundaki, AQSh Venesuelaga ulkan mablag‘lar kiritgan, biroq mamlakatdagi milliylashtirishdan keyin Venesuela sanoatiga egalikni qo‘ldan chiqargan va uni qaytarishga urinmoqda.

“Agar Venesuelada tabiiy zaxiralar bo‘lmaganda, hammaning Chaves va Maduro yoki yana boshqa bir kimga tupurgani bo‘lardi”, deb aytgan de Zayas. U so‘zlari intihosida xalqaro hamjamiyatni vaziyatni o‘nglash uchun Venesuelaga sanksiyalar va davlat to‘ntaruvini amalga oshirishga urinishlar bilan bosim o‘tkazmay, u bilan muloqot olib borishga chaqirgan va AQSh hamda Buyuk Britaniyaning boshqa davlatlar ishlariga aralashuvini tanqid qilgan.  

“Faqat venesuelaliklar o‘z taqdirlarini hal qilishga haqlilar, AQSh yoki Britaniya emas. Venesuela xalqiga xalqaro yakdillik – bepul gumanitar yordam va moliyaviy blokadani olish bilan yordam berish lozim, toki Venesuela dunyoning istalgan boshqa davlati kabi sotsin va sotib ololsin. Va shunda muammolarni adolat va aql bilan hal qilish mumkin bo‘ladi”, deb o‘z so‘zlarini intiholagan Alfred de Zayas.

Mavzuga oid