Sport | 19:46 / 01.02.2019
25964
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmagomedov va Makgregor o‘rtasidagi revansh jang o‘tkazilishi sharti ma'lum qilindi 

Mutlaq jangchilik chempionati (UFC) prezidenti Dana Uayt rossiyalik Xabib Nurmagomedov va irlandiyalik Konor Makgregor o‘rtasida revansh jang o‘tkazilishi mumkin bo‘ladigan shartlarni ma'lum qildi. U bu haqda ESPN telekanali efirida aytib o‘tdi.

Uaytning aytishicha, ikki jangchida ham revansh jangdan oldin uchrashishlari kerak bo‘lgan ehtimoliy raqiblar bor. 

“Konor va Xabibning revanshi? Bu hech qachon bo‘lmaydi, deyishni istamayman, biroq yaqin orada bo‘lmasligi aniq. Xabib chetlatilgan. O‘ylashimcha, u dastlab Toni Fergyuson bilan, Konor Donald Serrone bilan jang qilishi kerak. Agar ikkalovi ham g‘olib bo‘lsa, o‘shanda revanshni tashkillashtiramiz”, deb aytgan UFC prezidenti.

Ikki jangchi o‘rtasidagi ilk jang 2018 yil 6 oktyabrda bo‘lib o‘tgan. Rossiyalik raqibini mag‘lub etib, yengil vazn toifasida chempionlik unvonini himoya qilgan. Xabib jang tugashi bilanoq oktagondan oshib tushib, Makgregor jamoasi a'zolari bilan mushtlashib ketgan. 

Ushbu ish bo‘yicha Nevada shtati atletik komissiyasi joriy haftada qaror chiqardi. Unga ko‘ra, Xabib 9 oyga musobaqalardan chetlatildi va 500 ming dollarlik jarimaga tortildi. Irlandiyalikka esa 6 oylik chetlatish va 50 ming dollar jarima tayinlangan.

Mavzuga oid