Sport | 21:00 / 01.02.2019
31172
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba Osiyo chempioni bo‘ldi

Birlashgan Arab Amirliklarida Osiyo Kubogi yakuniga yetdi. Finalda Yaponiya va Qatar terma jamoalari bellashdi.

O‘yin teng kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa-da, qatarliklar o‘z imkoniyatlaridan unumliroq foydalanib qolishdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. 

12-daqiqada musobaqa to‘purari Ali Almu'iz qaychi uslubida zarba yo‘llab, Yaponiya darvozasiga to‘p kiritdi. Oradan 15 daqiqa o‘tgach, Hatim uzoq masofadan yo‘llangan zarba natijasida chiroyli gol urib, hisobdagi farqni oshirdi. 69-daqiqada Minamino darvozabon bilan yuzma-yuz chiqib, yaqin masofadan to‘pni uning ustidan oshirib, darvozaga kiritdi. 83-daqiqada Afif penaltini aniq amalga oshirib, yakuniy hisobning 3:1 bo‘lishini ta'minladi.

Natijada, Qatar terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba Osiyo chempioni bo‘ldi. 

Qayd qilish joizki, bahsni hamyurtimiz Ravshan Ermatov bosh hakam sifatida boshqarib bordi.

Osiyo Kubogi
Final

1 fevral
Yaponiya – Qatar 1:3 (0:2, 1:1)
Gollar: Minamino (69) - Almu'iz (12), Hatim (27), Afif (83 pen)
Yaponiya: Gonda, Nagatomo, Tomiyasu, Shiotani, Sakai, Yoshida, Shibasaki, Haraguchi, Minamino, Doan, Osako
Qatar: Ash-Shib, Korrea, Hasan, Salmon, Ar-Roviy, Madibo, Hatim, Xuxiy, Al-Haydos, Afif, Almu'iz
Ogohlantirishlar: Shibasaki (20), Yoshida (82), Sakai (86) - Afif (84), Korrea (90+3)

Mavzuga oid