Foto: AQShga anomal sovuqlar va qutb bo‘ronlari kirib keldi
Fevral oyi boshida AQShda anomal sovuqlar kuzatilmoqda, meteorologlar qutb bo‘ronlari kirib kelishi munosabati bilan ayrim joylarda harorat Tselsiy bo‘yicha 53 darajagacha tushib ketishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Ayova shtati hukumati aholidan imkon qadar chuqur nafas olmaslik va ko‘chada gaplashmaslikni tavsiya qilmoqda.
O‘rta G‘arbda joylashgan Viskonsin, Michigan va Illinoysda favqulodda holat e'lon qilingan. Nisbatan janubroqda joylashgan Alabama va Missisipida ham shunday ehtimol mavjud. Bu hududlarda kuchli qor bo‘ronlari kutilmoqda.
Hafta boshida Chikago Antarktidadan sovuqroq bo‘lishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z tvitterida hazilomuz tarzda boshqalarga kerak bo‘lmagan «global isish» ayni vaqtda amerikaliklarga kerakligi haqida yozdi.
«Global isish bilan nima bo‘ldi. Tezroq qayt, sen bizga keraksan?», degan u.
Meteorologlar fikricha, keskin sovish Shimoliy qutbda Afrika shimolidan issiq havo oqimi borishi ortidan kelib chiqqan. Bu oqim ta'sirida sovuq havo oqimi janubga siljigan.
Yetakchi olimlarning hisoblashicha, inson faoliyati oqibatida yuzaga kelgan global isish tufayli qishlar avvalgidan ham qattiqroq bo‘ladi.
Keskin sovish nimalarga olib kelishi mumkin?
Chikago politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, sovuq oqibatida bir necha talonchilik holatlari kuzatilgan. Qurolli shaxslar do‘konlardan narxi 1100 dollar turadigan, Canada Goose firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan momiq kiyimlarni talab qilishgan.
«Hamilton» myuzikli uchun chiptalar esa odatdagi narxidan ikki barobar arzonga - 70 dollarga sotilmoqda. Chunki, odamlar ko‘chaga chiqishni istashmayapti.
O‘rta G‘arbdagi shtatlarda minglab maktablar va boshqa muassasalar yopilgan.
Ba'zi shaharlarda uysizlar uchun vaqtinchalik isinish xonalari ochilgan.