O‘zbekiston | 20:49 / 04.02.2019
28622
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nega Energetika vazirligi tashkil etildi?

Foto: Flickr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan O‘zbekistonda yangi organ — Energetika vazirligi tashkil etildi. Umuman olganda energetika tarmog‘ida davlat boshqaruvini tashkil etishda qator tizimli muammolar mavjudligi belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatni innovatsion jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgandi. Prezident farmonida ana shu muammolar sanab o‘tiladi:

birinchi – yoqilg‘i-energetika kompleksi sohalarini uyg‘un rivojlantirish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilish masalalarida muvofiqlashtirishning va tizimli yondashuvning yetarli emasligi iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini ularning o‘sib borayotgan talabini hisobga olgan holda energiya bilan barqaror ta'minlash xavf-xatarlarini oshirmoqda;

ikkinchi – energetika tarmog‘i tashkilotlarini boshqarishning direktiv modeli, kompaniyalar moliya-xo‘jalik faoliyatining haddan ortiq ma'muriy tartibga solinishi, shuningdek, mehnat resurslaridan oqilona foydalanmaslik ularning ish faoliyati samaradorligi va natijadorligini susaytirmoqda, noishlab chiqarish xarajatlari va ishlab chiqarilayotgan energiya birligi sarfining o‘sishiga olib kelmoqda;

uchinchi – sog‘lom raqobat muhitining yo‘qligi, yirik kvazidavlat sektori hamda davlat va tijorat manfaatlari to‘qnashuvining mavjudligi, tariflarni tartibga solish chora-tadbirlarining investitsiya siyosati bilan uyg‘un emasligi yoqilg‘i-energetika sohasining investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda;

to‘rtinchi – tarmoqning rivojiga joylarda asbob-uskunalar o‘ta eskirgani va tegishli infratuzilmalarni yangilash sur'atlarining sustligi, uskunalar, qurilmalar, gaz quvurlari va elektr uzatish liniyalaridan xizmat muddatlarini buzgan holda foydalanish, nobarqaror moliyaviy ahvol, resurs va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish darajasining pastligi kabi butun tizimga daxldor muammolar to‘sqinlik qilmoqda va bu texnologik yo‘qotishlarning ko‘payishiga hamda yoqilg‘i-energetika resurslarini yetkazib berishda, ayniqsa, joylarda surunkali uzilishlarga sabab bo‘lmoqda;

beshinchi – soha korxonalarida resurslarni rejalashtirish, yetkazib berilayotgan energiya resurslarini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini hamda boshqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlari sust olib borilayotgani energiya resurslarini iste'molchilarga yetkazib berishda katta yo‘qotishlarga hamda o‘zaro hisob-kitob intizomi buzilishiga olib kelmoqda.

Shu tufayli O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib, quyidagilar belgilandi: 

birinchidan, mamlakatning energetika xavfsizligini ta'minlash, iqtisodiyot sohalari va aholining energiya resurslariga tobora o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan yagona energetika siyosatini yuritish;

ikkinchidan, energetika sohasida davlat tomonidan tartibga solish hamda xo‘jalik faoliyati funksiyalarini aniq chegaralash, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish, tarif siyosatini amalga oshirishning aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish va shu asosda sog‘lom raqobat muhiti tamoyillarini ilgari surish;

uchinchidan, infratuzilma obektlarini qurishga, shuningdek, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga investitsiyalarni, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish uchun sharoitlar yaratish;

to‘rtinchidan, energiya tejamkorlik va iqtisodiyotning energiya sarfini kamaytirish sohasida davlat siyosatini yuritish, iqtisodiyot tarmoqlari va maishiy sektorda resurs va energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, muqobil energiya manbalarini keng rivojlantirish;

beshinchidan, energetika tarmog‘i korxonalarida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishning zamonaviy vositalarini, energiya resurslarini qazib olish, yetkazib berish va iste'mol qilish hajmlarini hisobga olish tizimlarini keng tatbiq qilish;

oltinchidan, tarmoq korxonalarini boshqarish tizimini, ularning tuzilmalari va bo‘linmalarini maqbullashtirish, ishlarni tashkil qilishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy usullari va maqsadli indikatorlarni (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish) joriy etish.

Farmonda ta'kidlanishicha, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish vakolatlari Energetika vazirligiga beriladi. Elektr va issiqlik energiyasi, ko‘mirni ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va iste'mol qilish, shuningdek, neft, gaz va ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarni qazib olish, qayta ishlash, tashish, taqsimlash, sotish va ulardan foydalanishning davlat tomonidan tartibga solinishi bildirilmoqda. 

Bundan tashqari, respublikaning energetika sohasida yagona normativ-huquqiy va texnik tartibga solishni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.​

Mavzuga oid