O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar milliy armiyamiz nufuzini yanada yuksaltirish, uning faoliyatini zamon ruhiga monand yo‘lga qo‘yish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu jihatlar harbiy xizmatchilar uchun yangi namunadagi harbiy kiyim-bosh yaratish borasidagi amaliy sa'y-harakatlarda ham yorqin ifodasini topmoqda. 

Harbiy kiyim-boshni yaratish bo‘yicha ishlar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi Formali kiyim-boshni loyihalashtirish bo‘yicha ilmiy laboratoriyada sohaning malakali xodimlari ishtirokida ish olib borilmoqda. Hozirgi kunga kelib Mudofaa vazirligi, Harbiy prokuratura, Prezident Davlat xavfsizligi xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, DXX Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun dastlabki namunadagi harbiy kiyim-bosh hamda farqlovchi belgilarning (atributikalar) eskiz loyihalari tayyorlandi. Bunday keng qamrovli va o‘ta mas'uliyatli vazifani bajarishga malakali dizaynerlar, psixologlar, libos konstruktorlari, texnologlar, olimlar hamda mazkur yo‘nalishda ulkan tajribaga ega harbiy xizmatchilar va soxa xodimlari jalb etilganini ta'kidlab o‘tish o‘rinlidir. Mazkur yo‘nalishdagi barcha taklif va mulohazalar, tavsiyalar puxta, har tomonlama chuqur tahlil etilmoqda. 

Foto: O‘zA 
Foto: O‘zA 

Tahlillarga ko‘ra, harbiy kiyim-bosh tayyorlashda foydalanilayotgan mato va materiallarning me'yoriy talablarga mos emasligi, harbiylar kiyim-boshi o‘lchamlarida qo‘shimchalarni qo‘llashda, ergonomik ko‘rsatkichlarni inobatga olishda, harbiy xizmatchilarning jangovar kiyim-boshlarini to‘kis ta'minlashda, harbiy garderob to‘plamida ba'zi kamchiliklar kuzatilgan, bu jarayonga mutlaqo ilmiy yondashilmaganlik kabi holatlar aniqlangan. Soha mutaxassislarining fikricha, shu vaqtga qadar harbiy kiyim-bosh iqlim, atrof-muhit, tabiiy sharoitlarga muvofiq mavsum bo‘yicha ajratish, harbiy faoliyatning o‘ziga xosligi, bosh kiyim, poyabzal, qo‘shimcha vositalar tayyorlash jarayoni zamonaviy talablarga javob bermas edi. Vaholanki, jahonning aksariyat davlatlarida, yetakchi harbiy tuzilma va tashkilotlarida minglab olimlar, mutaxassislar, ekspertlarni jalb etgan holda harbiy kiyim-bosh tayyorlashda keng qamrovli, tizimli va kompleks tarzda yondashish amaliyoti mavjud.