O‘zbekiston | 19:56 / 02.01.2024
25694
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi 

Unda qo‘shinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 yanvar kuni mudofaa qurilishi va Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda qo‘shinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, mavjud qurol-yarog‘ namunalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalalari muhokama qilindi. 

Qo‘shinlarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi, boshqaruv organlari, birlashmalar, qo‘shilma va qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan mudofaa vazirining hisoboti tinglandi. 

Qayd qilinishicha, hisobot davrida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tayyorlash maqsadida mahallalarda 24 mingdan ortiq tadbir o‘tkazildi, «Jasorat maktablari»dagi o‘quv yig‘inlariga 5 ming nafardan ziyod yoshlar jalb qilindi. Jami 580 dan ortiq tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlari o‘tkazildi, ularda Qurolli Kuchlarning 35 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda milliy armiyani zamonaviy qurol-aslaha va harbiy-texnik mulk bilan ta’minlash, harbiy sanoat majmuasini takomillashtirish ishlarini davom ettirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. 

14 yanvar kuni nishonlanadigan Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini yuksak saviyada tayyorlash va o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari tomonidan Qurolli Kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini yuksaltirish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid