O‘zbekiston | 13:47 / 05.02.2019
12235
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasidagi qator tizimli muammolar ma'lum qilindi

Foto: 123RF

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Davlat qurilish nazorat inspeksiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, shaharsozlik faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjud. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni, aholi punktlarini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirishda, ishlab chiqarish, ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasi obektlarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini qo‘pol ravishda buzishning ko‘pdan-ko‘p faktlari aniqlangan. 2018 yilda jami 823 ta shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish hollari aniqlangan va huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy choralar sudlar tomonidan ko‘rilgan.

Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini ta'minlash, shaharsozlik hujjatlarini ro‘yobga chiqarishda, aholi punktlarining zamonaviy qiyofasini shakllantirish va ularni kompleks qurishda davlat organlarining faoliyati samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi qator tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda, xususan:

birinchidan, qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solish ishlari borasida inspeksiyalar faoliyatining samaradorligi yetarli darajada oshirilmagan;

ikkinchidan, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalar faoliyatiga davlat boshqaruv organlarining asossiz ravishda aralashuvi shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga so‘zsiz rioya etilishida inspeksiya nazorat faoliyatini amalga oshirishdagi rolining pasayishiga olib kelmoqda;

uchinchidan, bugungi kunda shaharsozlik sohasida keng ko‘lamda ishlar olib borilayotganligi, nazorat ishlarining hajmi ko‘payganligi va aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan ta'sir choralari yetarli darajada kuchaytirilmaganligi qurilish-montaj ishlarining sifatini pasayishiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, inspeksiya uchun malakali kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimi yetarli darajada mavjud bo‘lmaganligi mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirilishiga salbiy ta'sir etmoqda;

beshinchidan, inspeksiyaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmaganligi, nazorat funksiyalarini o‘tkazish uchun zarur uskunalar bilan ta'minlanmaganligi o‘ziga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni samarali bajarish imkonini bermaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qurilish sohasida yangi nazorat inspeksiyasi tashkil etilishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid