O‘zbekiston | 23:47 / 06.02.2019
84477
3 daqiqa o‘qiladi

Qorako‘llik xalqaro olimpiada chempioni, yosh matematik uchun qurilayotgan uy bitdi - fotolar

Saytimizda “Xalqaro olimpiadalar g‘olibi bo‘lgan buxorolik o‘quvchi oilaviy qiyinchilik tufayli o‘qishini davom ettira olmayapti” sarlavhasi ostida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida istiqomat qilayotgan 9-sinf o‘quvchisi, matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarning ko‘p karra g‘olibi Doniyor Ismoilov o‘ta g‘arib sharoitda yashayotgani haqida hikoya qilgan edik. Onasi Lobar Rahimova jigar sirroziga mubtalo bo‘lgani, otasi esa yollanma ishchi bo‘lib ishlayotgani, shunday iqtidor egasi bugun oilaviy qiyinchilik tufayli vaqtini to‘liq ilm olishga sarflay olmayotgani haqida hikoya qilgan edik.

Foto: UzA

 

Foto: UzA

Ushbu xabardan so‘ng Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev ushbu iqtidorli o‘quvchini shaxsan qabul qilib, keyinchalik o‘zining Feysbukdagi sahifasida 2018 yilning 31 dekabriga qadar oilaga viloyat hokimligi tomonidan uy-joy qurib berilishi, viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan noutbuk, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan shaxsiy kutubxona yaratib berilishi belgilanganini e'lon qilgan edi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Kun.uz muxbirlari Qorako‘l tumaniga borib, Doniyor Ismoilov va uning onasi Lobar Rahimova bilan uchrashdi.

Viloyat hokimining topshirig‘i bilan eski uylari o‘rnida yangidan barpo etilayotgan, barcha sharoitlarga ega uy to‘liq bitgan. Qurilish brigadasi ishchilari ishlashmoqda. Ayni paytda ichki pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

“Bizning oilamizga mana shunday sharoitlar yaratib bergan viloyat rahbarlaridan mamnunmiz, — dedi Doniyorning onasi L.Rahimova. — O‘g‘limga kompyuter berishdi. Uy bitsa, ko‘chib o‘tsak kitoblarni ham keltirib berishar ekan. Hozir o‘g‘lim o‘qishini davom ettirmoqda. Bu orada Ozarboyjonda o‘tgan olimpiadada ham muvaffaqiyatli ishtirok etib keldi”.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid