Tailand malikasi bosh vazir bo‘lmoqchi. Qirol va harbiylar unga nega qarshi?
Tailand qiroli Maxa Vachiralongkorn o‘z opasi, malika Ubol Ratana bosh vazirlik uchun kurash boshlaganini keskin qoralab chiqdi.
U qirollik xonadoni vakili siyosiy saylovlarda ishtirok etishi milliy an'analarga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda.
Ayni vaqtda 67 yoshda bo‘lgan malika o‘z nomzodini muxolifatdagi «Txai Raksa Chat» partiyasi («Tay vatanparvarlari partiyasi») nomidan qo‘ygan. Bu partiya sobiq bosh vazir, 2001-2006 yillarda davlatni boshqargan, 2006 yilning sentyabrida harbiy davlat to‘ntarishi tufayli siyosiy hayotdan chetlashtirilgan Taksin Chinnavat bilan aloqador hisoblanadi. Taksin Chinnavat hozirgacha quvg‘inda yashaydi, 2017 yilda Forbs Chinnavatni Tailandning eng badavlat kishilari ro‘yxatida 7-o‘ringa qo‘ygandi (1,7 milliard dollar).
Malikaning qarori Tailand qirollik oilasi an'analariga zid borishdir, qirollik xonadoni hamisha siyosatdan uzoqda bo‘lishgan.
Tailandda parlament saylovlari 24 mart kuniga belgilangan. Jahon hamjamiyati bu saylovga alohida e'tibor qaratmoqda, bu saylov natijalariga ko‘ra Tailand 5 yillik harbiy boshqaruvdan keyin yana demokratiya yo‘liga qaytishi mumkin.
Malika Ubol Ratana kim o‘zi?
Ubol Ratana 1951 yilda tug‘ilgan, u marhum qirol Pxumipon Adulyadet va qirolicha Sirikitning to‘ng‘ich farzandi. U 1972 yilda o‘z unvonidan voz kechgan va amerikalik Piter Ledd Jyensenga turmushga chiqqan. U 1998 yilda turmushidan ajrashgan va 2001 yilda farzandlari bilan vataniga hamda qirollik oilasiga qaytgan.
Malika ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lib, Amerikadan qaytgach bir necha mahalliy filmlarda ham suratga tushgan.
Ubol Ratana uch nafar farzand ko‘rgan, ammo o‘g‘illaridan biri Xun Bxumi 2004 yili Hind okeanida ro‘y bergan sunami vaqtida halok bo‘lgan. U 1983 yilda tug‘ilgan, unda autizm xastaligi aniqlangandi.
Malikaning raqibi
Qirollikning amaldagi bosh vaziri Prayut Chan-Ocha ham keyingi saylovlarda qatnashishini ma'lum qilgan.
Prayut Chan-Ocha Tailand Qirollik armiyasi qo‘mondoni bo‘lgan vaqtida, 2014 yili harbiy davlat to‘ntarishi oqibatida hukumat tepasiga kelgandi. U «Pxalang Pracharat» partiyasidan o‘z nomzodini ilgari surgan.
Tailandda Qirollik oilasi katta hurmatga ega va hech qachon tanqid qilinmaydi. Shu tufayli, saylovda yana kimdir ishtirok etishga, qirollik xonadoni vakiliga raqiblik qilishga jur'at etishiga shubha bilan qaramoqda.
Bu saylov Tailand siyosiy hayoti uchun nimani anglatadi?
Saylovlar shu yilning martiga belgilangan. Bu saylov 2014 yilgi davlat to‘ntarishidan keyingi ilk demokratik saylov bo‘ladi. O‘shanda davlat to‘ntarishidan bir necha hafta oldin Taksin Chinnavatning singlisi Yinglak Chinnavat (2011-2014)hokimiyatdan chetlatilgandi.
Hozirda Yinglik akasi kabi surgunda yashaydi, ammo ular hamon Tailand siyosiy hayotida muhim shaxslar hisoblanishadi. Tailandliklar orasida ularni qo‘llab-quvvatlaydigan millionlab kishilar topiladi.
2017 yilning sentyabrida Tailand Oliy sudi sobiq bosh vazir Yinglak Chinnavatni vazifasiga sovuqqonlik qilish hamda korrupsiyada ayblab, sirtdan 5 yillik qamoqqa mahkum qilgandi.
Chinnavatning o‘zi barcha ayblovlarni rad etadi. U sud hukmi chiqarilishidan biroz oldinroq mamlakatni tark etgan.
Oldindagi saylovlar Chinnavat oilasi va harbiylar o‘rtasidagi kurash sifatida baholanmoqda.
2016 yilda Tailand fuqarolari ovoz berish chog‘ida mamlakatning yangi Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatlashgandi. Harbiylar tomonidan taklif qilingan bu o‘zgarishlar ularning hokimiyatini mustahkamlash hamda Chinnavatlar oilasi ittifoqchilari keyingi saylovlarda g‘alaba qozona olmasligini ta'minlashga qaratilgan.
Ammo malikaning qarori harbiylarning qo‘lidagi kartalarni aralashtirib yuborishi, ularning rejalarini buzishi mumkin.
Ma'lumot uchun, Tailandda harbiylar siyosiy hayotga aralashuvi juda ko‘p bor kuzatilgan, ular 1932 yilda mutlaq monarxiya bekor qilinib, birinchi konstitutsiya qabul qilinganidan buyon 12 marta hokimiyatni qo‘lga olgan.
Oxirgi xabarlarga ko‘ra, «Txai Raksa Chat» partiyasi qirolning bayonotidan keyin malikaning nomzodini qaytarib olishi ham mumkin. Partiyadagilar qirolning amriga bo‘ysunishlarini aytishmoqda.
Ayni vaqtda harbiylar «Txai Raksa Chat» partiyasini tarqatib yuborishni ham talab qilishmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra esa, qirol o‘z opasi saylovda qatnashishiga ruxsat bergan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, yoki tushunmovchilik yuzaga kelgan, yoki qirol o‘z fikrini o‘zgartirgan.
Ubol Ratana esa o‘z qarorida qat'iyligini ta'kidlamoqda. U Instagramdagi sahifasida barcha unvonlaridan voz kechgani va endi oddiy fuqaro sifatida saylovda qatnashmoqchiligini bildirgan.
U Tailand xalqi farovonligiga erishish uchun barcha imkonlarni ishga solishini aytgan.
Mavzuga oid
23:19 / 01.10.2024
Tailandda 40 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilarni olib ketayotgan avtobus yonib ketdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda
21:12 / 29.09.2024
Tailand hukumati iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun fuqarolarga 300 dollardan tarqatishni boshladi
01:00 / 29.09.2024
Tailandda fermer devor qulashi xavfi sabab 100 dan ortiq timsohini o‘ldirishga majbur bo‘ldi
13:20 / 27.09.2024