So‘nmagan umid. Samarqand viloyat IIB tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida 10 yil avval bedarak yo‘qolgan buxorolik yigit topildi
Inson uchun eng ulug‘ ne'mat farzand. Bekorga farzand jigarband deyilmaydi. Ota-ona bolasi bir kecha uyida tunamasa, ich-etini yeydi, xavotirdan xayoli ming ko‘chaga kirib chiqadi. Ammo odam bolasini 10 yil ko‘rmasa-chi? 10 yil bolasining ovozini ham eshitmasa-chi? Bunday og‘ir dardni tanasidan o‘tkazganlargina tasavvur qila oladi.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi 56 yoshli Zarif aka ham farzandi Farruxni 10 yildan buyon ko‘rmagandi. Bu vaqt davomida umidini uzmagan ota imkoni boricha qo‘shni tuman va viloyatlardan farzandini qidirgan. Biroq hech qanday samara bo‘lmagan.
Ota-onaning qilgan sabri bugun o‘z mevasini berdi. 10 yil avval Buxorodagi uyidan chiqib ketgan Farrux 2019 yil 13 fevral kuni boshqa bir azim shahar Samarqanddan topildi. Samarqand viloyat IIB reabilitatsiya markazi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida bir yigit markaz xodimlariga hech qanday hujjat taqdim qila olmaydi. Chunki, unda hech qanday hujjatning o‘zi bo‘lmagan.
Reabilitatsiya markazi xodimlari fuqaroni markaz binosiga olib kelib uning shaxsini aniqlashtirganlarida yigit o‘zini 1992 yil Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Mazragan MFYda tug‘ilgan Farrux Hotamov deb tanishtiradi. IIB ma'lumotlar ba'zasidan tekshirilganda bu yigit 10 yil avval bedarak yo‘qolgani aniqlanadi.
Samarqand viloyati IIB reabilitatsiya markazi xodimlari Buxorodagi hamkasblari bilan bog‘lanib, Hotamov Farrux chindan ham bedarak yo‘qolganini aniqlashtirishadi. Mazragan MFYda profilaktika inspektori bo‘lib ishlaydigan leytenant Abdurahim Azimov farzandi topilgani haqidagi xushxabarni Farruxning otasi Zarif akaga yetkazadi.
14 fevral kuni Farruxning akasi va otasi uni olib ketish uchun Samarqand viloyati IIB reabilitatsiya markaziga kelishdi. Zarif aka o‘g‘lini bir kun baribir topishini bilgani haqida gapirdi: «Xudoga shukr, shu kunlarga yetkazganiga shukr. O‘g‘lim bir kun topilishini bilardim. Rafiqam Farrux ketib qolgandan keyin ham har yili o‘g‘limning tug‘ilgan kunida dasturxon tuzab uni kutardi», deydi ko‘zida yosh bilan Zarif aka.
Bugun farzandini 10 yil umidini uzmay kutgan Xolbibi onaning tug‘ilgan kuni ekan. Bunday kunda o‘z bolasi topilib kelishidan ham yaxshiroq sovg‘a bormi? Farruxning ota-onasi Samarqand viloyat IIB xodimlariga cheksiz minnatdorchilik bildirishdi.
«Yigit nega uyidan ketib qoldi?»,- degan savol tug‘ilishi aniq. Hali pasport ham olmagan Farrux yoshlik qilib uyidan chiqib ketgan. Samarqandda o‘z kunini ko‘rib, tirikchilik qilib yurgan. Ma'lum bo‘lishicha, u hech qanday jinoyatga aralashmagan. Farrux dehqon otasining uyiga qaytishini, endi akalari kabi ustachilik qilishini aytdi.
Bir oilaning bag‘ri butun bo‘lgani bizni quvontirdi. Nima bo‘lganda ham hech kimning bolasi yo‘qolmasin, onalar bolam deb yig‘lamasin...
Mavzuga oid
09:28
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024