Jamiyat | 19:09 / 15.02.2019
13600
4 daqiqa o‘qiladi

Respublika yoshlar markazi rahbari: Ko‘pchilik ota-onalar vaqtini farzand tarbiyasiga emas, chet el seriallari tomoshasiga sarflamoqda

Bugungi kunda farzandining bo‘sh vaqtini mazmunli rejalashtirish va oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash maqsadida fan, sport va turli kasb-hunar to‘garaklariga murojaat qilayotgan ota-onalarning ayrimlari pullik to‘garaklarni ma'qul, deb hisoblamoqda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Respublika yoshlar markazi rahbari Husniddin Mamadiyev Yoshlar press klubining “Yoshlar ittifoqi tizimidagi bepul to‘garaklar barcha yoshlar uchun” mavzusidagi navbatdagi sessiyasida shu haqda gapirdi.

Video: Youtube.com

Video: Tas-IX

«Umuman olganda bepul va pullik tushunchasi har bir jamiyatda mavjud. Hozirgi kunda ayrim ota-onalar bozor iqtisodiyoti sharoitidan kelib chiqamiz, degan fikr bilan ko‘proq pullik to‘garaklarga, repetitorlik markazlariga murojaat qilishmoqda. Bir narsaga diqqatingizni tortmoqchiman, sport, fan, kasb-hunar o‘rgatuvchi turli pullik markazlarda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarning aksariyati bizning yoshlar uchun bepul tashkil qilgan to‘garaklarda ham oylik evaziga ishlashadi. Ya'ni, ikkala markazning ham o‘qituvchisi bir kishi va tabiiyki, dars o‘tish sifati ham, bilim berish darajasi ham bir xil, o‘rtadagi farq esa faqat to‘lovda», - dedi Husniddin Mamadiyev.

“Aytmoqchimanki, ota-onalar «pullik xizmat sifatli bo‘ladi», - degan fikr bilan oilaviy budjetdan har oyda katta mablag‘ sarflashi shart emas. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Respublika yoshlar markazi tomonidan tashkil etilgan sifatli to‘garaklardan foydalanib ham kutilgan natijaga erishish mumkin. Bepul to‘garaklarimiz va tayyorlov markazlarimiz barcha uchun ochiq. Biz bunday markazlarni o‘tgan yili hatto jazoni ijro etish muassasalarida ham tashkil etdik.  

Keling, natijalarga e'tibor qaratamiz, 2018 yilning o‘zida birgina fanlarga tayyorlov kurslarimizni tamomlagan 90ga yaqin yoshlar turli nufuzli oliy ta'lim muassasalariga shartnoma va to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi. Bizning maqsad yoshlarni bepul degan shov-shuv bilan emas, sifatli kurslarimiz bilan o‘zimizga jalb qilish va shu orqali ham yoshlarga, ham ota-onalarga manfaat keltirishdir”, - dedi u.

Yoshlar press klubining mazkur sessiyasi davomida Respublika yoshlar markazi rahbari ota-onalar tomonidan farzand tarbiyasida yo‘l qo‘yilayotgan jiddiy kamchiliklar haqida ham fikr bildirdi. Jumladan, uning aytishicha, turli psixologik tahlillar ko‘pchilik ota-onalar bo‘sh vaqtini farzandini bilim olish, kasb-hunar o‘rganishga jalb qilish, shaxsiy namuna ko‘rsatish bilan emas, ular bilan birgalikda soatlab chet el seriallari tomoshasiga sarflayotganini ko‘rsatmoqda. 

Ma'lumot uchun, Respublika yoshlar markazining 2018 yil 1 fevraldan boshlab barcha viloyat va tumanlarda bepul faoliyat olib boruvchi hududiy bo‘limlari tashkil etilgan. Ushbu to‘garaklarda 31 yoshgacha bo‘lgan yoshlar turli fan va kasb-hunar sirlarini o‘rganishlari mumkin.

Mavzuga oid