Jahon | 20:25 / 15.02.2019
25703
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya sudi Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumonlangan Telia sobiq rahbariyatini aybsiz deb topdi

Stokgolm okrug sudi Shvetsiya tarixidagi eng yirik korrupsion mojaro - Telia telekommunikatsiya kompaniyasining pora berishi bilan bog‘liq ishning barcha ishtirokchilarini aybsiz deb topdi

"Sudlanuvchilar ayblovning barcha moddalari bo‘yicha oqlandi", deya iqtibos keltiradi TASS sud press-relizidan. 

Telia sobiq bosh direktori Lars Nyuberg va sobiq top-menejyerlar, jumladan konsernning Yevroosiyo bo‘limi rahbari bo‘lgan Tevo Kivisaari 2007-2010 yillarda 331 mln dollar pora berganlikda ayblangandi. Tergov talqiniga ko‘ra, ular O‘zbekiston bozoriga kirish uchun birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga pul berishgan.

Ayblov tomoni Gulnora Karimova telekommunikatsiya sohasi bilan bog‘liq biror lavozimga ega bo‘lganligi borasida dalil keltira olmadi, deb hisoblagan sud.

Tergov ishlari olti yil davom etdi.

Avvalroq Gulnora Karimovaning Londonda istiqomat qilayotgan o‘g‘li Islom Karimov o‘zining Instagram'dagi sahifasida onasiga bosim bo‘layotganini yozgan, Bosh prokuratura esa Gulnora Karimovaga nisbatan bosim mavjud emasligini ta'kidlagandi.

Mavzuga oid