O‘zbekiston | 20:20 / 20.02.2019
15004
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondonini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtablari boshliqlarining konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o‘tgan yili may oyida AQShga rasmiy tashrif davomida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik sheriklikda yangi davrni boshlab berganini qayd etdi.

Bugungi kunda ko‘p qirrali O‘zbekiston – AQSh munosabatlari izchil mustahkamlanib bormoqda, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. 2018 yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi. 

Prezidentimiz AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Qurolli kuchlari shtablari boshliqlarining konferensiyasi ilk bor mamlakatimiz poytaxtida o‘tkazilayotgani hamda bugungi davrning eng o‘tkir muammolaridan biri – Afg‘onistondagi qurolli mojaroni muhokama qilish va uni hal etishga yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish uchun maydon ekanini ta'kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik hamda xavfsizlik sohasidagi sheriklik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Jozef Votel davlatimiz rahbariga samimiy qabul va konferensiyani Toshkentda o‘tkazish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi.

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni ushbu tadbir yakunida tomonlar mintaqada tinchlik va farovonlikni ta'minlash yo‘lida konstruktiv sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan strategiyani ishlab chiqishlariga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid