Sport | 19:50 / 22.02.2019
17256
3 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor»ning bir necha futbolchisi OChL o‘yinida logotipsiz formada harakat qildi. Klub rahbariyati izoh berdi

«Paxtakor» klubi matbuot xizmati klubning OChL pley-offida BAAning «An-Nasr» klubiga qarshi o‘yin fotojamlanmasini taqdim etdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu suratlarda ayrim futbolchilarning libosida klub homiysi logotipi tushirilmaganiga e'tibor qaratishdi. Chindan ham bu o‘yinda klubning yangi futbolchilari Dostonbek Hamdamov, Dragan Cheran va Odil Hamrobekovning liboslarida klubning asosiy titul homiysi - «Metprom» belgisi yo‘qligini ko‘rish mumkin.

Klub bosh direktori Dmitriy Adisman ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

«BAAning «An-Nasr» klubi Osiyo Chempionlar ligasining pley-offining uchinchi bosqichidagi o‘yinda «Paxtakor»ning yangi libosiga veto qo‘ydi. Shu tufayli futbolchilarimiz maydonga eski libosda chiqishiga to‘g‘ri keldi.

Biz bu o‘yinga yangi forma tayyorlatgandik, ammo ular bizga yangi yo‘l-yo‘l formada o‘ynashga ruxsat berishmadi. «Al-Nasr»dagilar oxirgi daqiqalarda rad qilishdi, maydon egasi sifatida ularning bunga haqqi bor edi. Shu tufayli ayrim liboslarda logotip yo‘q edi», – degan Adisman.  

19 fevral kuni o‘tkazilgan o‘yinda «Paxtakor» 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. «Sherlar» tarkibida gollarga Dragan Cheran va Marat Bikmayev mualliflik qilishdi.

«Paxtakor» OChLning guruh bosqichida «o‘lim guruhi»dan joy olgan. Toshkent jamoasi «D» guruhida Qatarning «As Sadd», Eronning «Persepolis» hamda Saudiya Arabistonining «Al Ahli» jamoalari bilan pley-offga chiqish uchun bahs olib boradi.

O‘zbekiston bu turnirda ikki klub bilan ishtirok etmoqda. «Paxtakor»dan tashqari, turnirda O‘zbekistonning amaldagi chempioni «Lokomotiv» ham qatnashadi. Turnirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma bilan yo‘l olgan «temiryo‘lchilar» Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod», BAAning «Al-Vahda» va Qatarning «Al-Rayyan» klublariga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid