Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar saylovda ovoz berishlari mumkin
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi tomonidan Saylov kodeksi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Ta'kidlaganidek, mamlakatda saylov masalasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan tashqari yana 5 ta qonun qabul qilingan. Biroq, saylov qonunchiligining tarqoq holda bo‘lganligi huquqni qo‘llash amaliyotida bir qator murakkabliklar tug‘diradi, fuqarolarimiz tomonidan ularni o‘zlashtirishni qiyinlashtiradi. Qonun normalari orasidagi asossiz takrorlanishlarga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, saylov jarayoni va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator qoidalar qonun darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining nizom va yo‘riqnomalari bilan tartibga solingan. Qonunda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishga oid qoidalar nazarda tutilmagan.
Qayd etilganidek, bugungi kunda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlab turilgan barcha shaxslarga saylovda ishtirok etish taqiqlangan. Biroq, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan ayrim shaxslar orasida, jinoyat ko‘chasiga bilmay kirib qolganlar ham bor. Ularni konstitutsiyaviy huquqlaridan biri bo‘lmish saylovlarda ishtirok etish huquqini cheklash noto‘g‘ri bo‘ladi.
– Kodeks faqatgina 5 ta qonunni o‘zaro jamlash bilan cheklanmaydi. Unda demokratik tamoyillarni o‘z ichiga olgan qator yangiliklar kiritilmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov. – Xususan, Qonunchilik palatasida deputatlik o‘rinlari uchun O‘zbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlanmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibi qonun bilan belgilanyapti. Kodeksda muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish maqsadida “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlanayotir. Ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati a'zolarini saylash tartibi to‘g‘risidagi nizomni bekor qilib, bu masalani qonun darajasida belgilash taklif etilmoqda. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.
Mavzuga oid
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
21:29 / 27.09.2024
Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan firma mansabdorlari tergovga tortildi
18:26 / 16.09.2024