O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yilning 21 fevralida bo‘lib o‘tgan  neft-gaz va kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda yoqilg‘i-energetika sohasini kompleks rivojlantirish zaruriyati ta'kidlangan edi.

Davlat rahbari shuni ta'kidladiki, mamlakatda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotni ishlab chiqarish maqsadida energiya manbalarini diversifikatsiya qilish, neft va gazga chuqurlashtirilgan ishlov berish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.  GTL loyihasi esa bunga misoldir, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati. 

Ayni chog‘da  vazni  350 va 550 tonna bo‘lgan ikkita yirik texnologik uskuna O‘zbekiston hududida harakatlanmoqda. U mart oyida Qashqadaryo viloyatidagi sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning qurilish maydonchasiga yetkaziladi (GTL loyihasi).

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Yangi zavoddan ko‘zlangan maqsad asosiy tabiiy gazga chuqur ishlov berish orqali kerosin, dizel yoqilg‘isi, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishdan iborat. 

Ushbu investitsiyaviy loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» qarori (PQ-2706 sonli, 2016.29.12) asosida amalga oshirilmoqda. 

Hozir asosiy yirik o‘lchamli texnologik uskunalar turkumi  Qoraqalpog‘istondan Qashqadaryo viloyatiga olib kelinmoqda. Shu paytgacha bir necha mamlakat orqali Koreya Respublikasidan asosiy dengiz yo‘llari va logistik marshrutlar orqali O‘zbekistongacha bir necha ming kilometr yo‘l bosib o‘tildi. 

Og‘irligi 550 tonna, uzunligi 39 metr va diametri 6,9 metrga teng hamda og‘irligi 350 tonna va uzunligi 25 metr bo‘lgan ushbu qurilmalar bunyod etilayotgan zavodning sintetik suyuqliklarni ishlab chiqarish sexida qo‘llaniladi. Bu qurilmalar yordamida hosil bo‘ladigan sintez (metan + kislorod) fizik-kimyoviy reaksiyalar va texnologik jarayonlar natijasida sintetik suyuq yoqilg‘iga, ya'ni yarim tayyor mahsulotga aylantiriladi. Undan esa yana bir necha jarayonlarni bosib o‘tib, asosiy neft mahsulotlari – dizel, kerosin va nafta olinadi.

Bugungi kunga kelib,  GTL loyihasining amalga oshirilishi yakunlovchi bosqichda turibdi. Qurilish maydonchasiga 5 ming nafardan ortiq  ishchi, quruvchi va muhandis safarbar etilgan. 500 dan ziyod qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.