O‘zbekiston | 08:32 / 25.02.2019
8908
3 daqiqa o‘qiladi

Polkovnik Akromxon Boboxonov «Budapesht jarayoni»ning vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Akromxon Boboxonov boshchiligidagi delegatsiya shu yilning 19-21 fevral kunlari Turkiya davlatining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “Budapesht jarayoni”ning 6-chi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, konferensiyada migratsiya sohasida faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar hamda Osiyo, Yevropa va Afrika qit'alaridan 49 ta davlatning tegishli vazirlik rahbarlari va vakillari qatnashgan.

Budapesht jarayoni bu – migratsiyani tartibga soluvchi kompleks va barqaror tizimlarni rivojlantirishga qaratilgan ellikdan ziyod davlat va o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlardan tashkil topgan maslahat forumidir. Mazkur forum migratsiya, qochqinlar, vizalar, odam savdosi va qochoqlarni qaytarish masalalari bo‘yicha eng yaxshi harakatlar va ko‘nikmalarni tarqatish uchun tashkil etilgan.

Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Boboxonov ishtirokchilarni O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Foto: IIV axborot xizmati

Shuningdek, A.Boboxonov bugungi kunda mamlakatda migratsiya jarayonlarini tartibga solish va qoidalarni soddalashtirish, xorijiy fuqarolarni qabul qilish bo‘yicha sezilarli sa'y-harakatlar amalga oshirib kelinayotganligi, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining migratsiya va u bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarga taalluqli 10 ga yaqin farmon va qarorlari qabul qilinganligi, prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda ko‘p yillar davomida to‘plangan, ko‘plab hal etilmagan muammolarni yechishga qaratilgan faol mintaqaviy siyosati, shubhasiz, Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yordam berishini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar, konferensiya tomonlarning manfaatli muzokaralari muhitida o‘tkazilganligini va ular kelgusida samarali hamkorlikka puxta zamin yaratishini ta'kidladilar, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid