Fotoreportaj: Andijon markaziy poliklinikasida isitish qozoni portlashi tafsilotlari
Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shahar aholisiga birlamchi ixtisoslashgan poliklinika xizmatlarini ko‘rsatadi.
Bugun, 26 fevral kuni soat 10:26da mazkur tibbiyot muassasasi hududidagi «Issiqlik manbai» AJga qarashli isitish qozonida portlash ro‘y berdi.
Baxsiz hodisa tashkilotning ayni ish qizg‘in paytiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan Andijon shahar 4-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchilari turli darajada yengil jarohat olishgan. 18 nafar o‘quvchi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmotologiya qabulxonasiga olib kelinib, tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
«Ular zudlik bilan zarur tekshiruvlardan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatildi. 18 nafar bemor kuzatuv ostida bo‘lib turibdi. Olib kelinganlardan 4 nafari holati tekshirilib, neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi, jumladan, 2 nafar bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 10 nafar qo‘shimcha murojaat qilganlarga ambulator-psixologik yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Kun.uz muxbiri poliklinikaga borib, ro‘y bergan hodisa tafsilotlari bilan batafsil tanishdi. Shahar «Issiqlik manbai» jamiyatiga qarashli bo‘lgan qozonxona tibbiy muassasa binosining orqa tomoniga joylashgan ekan. Poliklinikaning rentgen xonasiga kirish yo‘li binoning aynan orqa tomonida bo‘lib, hodisa paytida o‘quvchilar qozonxonaga yaqin joyda bo‘lishgan.
Qozonxonada nosozlik tufayli portlash yuz bergan va undagi uskunalar bo‘linib ketgan. Qozonxonani o‘rab turgan tunuka devor ham sochilib yotibdi. «Issiqlik manbai» DUKga qarashli Modul qozonxona 3ta AKS-100 rusumli isitish qozonlaridan iborat.
Qozonxona bundan 9 yil oldin, 2010 yili ishga tushirilgan bo‘lib, shartnoma asosida markazlashgan tartibda muassasani issiqlik bilan ta'minlanib keladi. Isitish qozonlari tabiiy gaz yoqilg‘isiga moslashgan. Portlash sabablari hozirda Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan o‘rganilmoqda.
Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, zarur dori-darmonlarni yetkazib berish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan. Vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan, mazkur holat yuzasidan, sodir bo‘lgan vaziyatning kelib chiqish sabablari, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Andijon shahar hokimiyati, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta'limi boshqarmalari rahbarlari hamda «O‘ztransgaz» mutaxassislari tarkibidan iborat komissiya tuzilgan.
Mavzuga oid
15:53 / 08.10.2024
Andijonda “Oniks” anhorga tushib ketdi
13:58 / 06.10.2024
«Andijon» dramatik derbida tarixiy g‘alabaga erishdi (fotojamlanma)
19:44 / 26.09.2024
“Odamlar qiynalyapti” - Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik qachon tiklanadi?
16:57 / 19.09.2024