O‘zbekiston | 16:22 / 27.02.2019
15431
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston tarixi» telekanali yaratilishi bo‘yicha maslahatlar bildirildi

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Konrad Adenauer nomidagi xalqaro xayriya jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda «O‘zbekiston tarixi» telekanalini tashkil etish, funksiyasi, unda xalqaro tajribalarni qo‘llash bo‘yicha amaliy tadbir tashkillashtirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Ma'lum qilinishicha, tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari, Germaniya Federativ Respublikasi mahalliy telekompaniyalari Assotsiatsiyasi prezidenti, ekspert Rene Falkner bilan «O‘zbekiston tarixi» telekanalining ochilishi bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruhi, jurnalistlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

«Germaniyalik mutaxassis «O‘zbekiston tarixi» telekanali yaratilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirib, telekanal faoliyati yo‘lga qo‘yilgunga qadar O‘zbekistonlik mutaxassislarga turli seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etib, amaliy yordam berishini aytib o‘tdi. 

Unda telekanalni ommalashtirish, xalqaro tajribalarni qo‘llash, Germaniya Federativ Respublikasidan mutaxassislarni keng jalb etish bo‘yicha fikrlar almashildi», – deydi Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi matbuot xizmati vakili Shahnoza Tojiddinova.

​Rene Falkner «O‘zbekiston tarixi»telekanalining yaratilishi bo‘yicha ish olib borayotgan ishchi guruhi a'zolari tomonidan berilgan savollarga kanalning aholi orasida mashhur bo‘lishi borasidagi quyidagi  maslahatlarni bildirdi: 

1. Avvalo, «O‘zbekiston tarixi» telekanali ko‘rsatuvlariga tomoshabinni jalb qilish kanal jamoasidan bir muncha zamonaviy talqindagi dasturlar ustida izlanishni, tarixni ochib berishga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarni yangi formatda tayyorlashni talab etadi. Ushbu kanalni ommabop, qiziqarli bo‘lishida shunchaki emas, jahon tajribasini qo‘llagan holda, aholi va yoshlar talabini chuqur tahlillar asosida o‘rgangan holda ish ko‘rish kerakligini e'tiborda tutish lozim.Bugun O‘zbekiston ahlining ko‘p qismi televizor tomosha qilishadi. Shunday ekan, «O‘zbekiston tarixi» telekanali jamoasi mas'uliyat bilan tezkorlikka rioya etgan holda harakat qilsa, o‘ylangan natijaga erishish mumkin. 

2. «O‘zbekiston tarixi» telekanalining muxlisi ortishi uchun, birinchi navbatda tonggi dasturlar mazmunli va qiziqarli bo‘lishiga e'tibor qaratish kerak. 

3. Tonggi dasturning har bir sonida bir, ikki, hattoki, uch dona boshlovchi moderatorlik qilishi mumkin. Ammo har bir kungi sonini bir xil boshlovchilar olib borishi maqsadga muvofiqdir. To‘g‘ri, bu fikrimga ko‘pchilik qarshi chiqishi va e'tiroz bildirish mumkin. Bir xil boshlovchidan odamlar zerikadi deb o‘ylarsiz. Aksincha, erta tongdan ishga, o‘qishga, ko‘chaga shoshilayotgan tomoshabin ekran orqali har kuni sevimli moderatori chiqishini intiqlik bilan kutadi va hattoki, shuning uchun ham TVni yoqishi mumkin. Xuddi tomoshabin har kungi serialni bir xil vaqtda ko‘rishga o‘rgangandek jarayon. Jahonga mashhur telekompaniyalarning doimo bir moderatordan foydalanish orqali yuqori ko‘rsatkichlarga erishganini kuzatishingiz mumkin. 

4. «O‘zbekiston tarixi» telekanali kun davomida ham o‘z muxlislariga ega bo‘lishi uchun tonggi dasturlarda har bir ko‘rsatuv boshlovchisi shu ko‘rsatuvning qisqacha variantini aytib o‘tishi kerak.

5. «O‘zbekiston tarixi» telekanali dasturlarini shou tarzida va viktorina yo‘nalishida tayyorlash juda muhim.

6. Tarix haqida ma'lumot beruvchi ko‘rsatuvlarni guvohlar fikri bilan boyitish, voqealarni sahnalashtirgan holda tasvirga olish kerak.

Nafaqat «O‘zbekiston tarixi» balki boshqa telekanallar dasturlariga aynan jurnalist boshlovchilik qilishi asosiy qoidalardan biri hisoblanadi, deya ta'kidladi Rene Falkner.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida «O‘zbekiston tarixi» telekanali tashkil etilishini ma'lum qilgan edi. 

Shuningdek, davlat rahbari mamlakat kelajagiga yo‘naltirilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda kuch-qudrat manbai – milliy g‘oyani rivojlantirish masalasiga e'tibor qaratib, O‘zbekistonning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish zarurligini ta'kidlagan edi. ​

Mavzuga oid