Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi haqida ko‘p yozilmoqda, ko‘p gapirilmoqda. Chunki har birimizning davlat idoralariga ishimiz tushadi. Aholiga bir joyda, tezkor, qulay, shaffof va sifatli xizmat ko‘rsatish, navbatda turishlarni keskin kamaytirish, sarf-xarajatlarni tejash, sansalorlikning oldini olish, xalq davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga erishish, qimmatli vaqtni tejash maqsadida tashkil etilgan ushbu markazlar orqali qanday xizmatlar ko‘rsatilmoqda?

«Jizzax shahar Davlat xizmatlari markazida bugungi kunda o‘ndan ziyod xodim faoliyat yuritadi. 2018 yil davomida Jizzax shahri bo‘yicha 29 ming 270dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatildi, — deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Zafar Yusupov. — Bugungi kunda yurtdoshlarimizga zamon talablariga mos ravishda 37 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda, joriy yilning aprel oyidan esa xizmatlar soni 50taga yetkazildi. Markazga kelayotgan fuqarolarning murojaatlari turlicha: ular tug‘ilganlik haqida guvohnoma hujjatini rasmiylashtirish, bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga joylashtirish hujjatlarini rasmiylashtirish, ipoteka to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruxsatnoma berish, tibbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini litsenziyalashdan tortib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida ruxsatnoma berish va hokazolardir. Bugungi kunda markazimiz tomonidan turli tashkilot va idoralarda sayyor qabullar o‘tkazilib, uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Bularning bari fuqarolarimizni markazimizdagi qulayliklar bilan yaqindan tanishtirish va ularning og‘irini yengil qilishdir».

Qisqacha tanishtiruvdan so‘ng Zafar Yusupov markaz bo‘ylab kichik sayrga taklif qildi.

«Ko‘rib turganingizdek, markaz ertalabdan gavjum. Bir kunda 600tagacha murojaatni o‘rganamiz. Kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, ijtimoiy sohalar bilan bog‘liq masalalardagi hujjatlar markazimiz orqali taqdim qilinadi. Bizga bildirilayotgan ishonch esa yanada yaxshiroq ishlashga undaydi», deydi u.

«Bilasizmi, bir paytlar tadbirkorlik qilish va ro‘yxatdan o‘tish uchun bir necha idoralarga bosh suqib soatlab, hatto kunlab idoralar yo‘laklarida viloyat markazidan poytaxtgacha bir parcha qog‘oz uchun sarson-u sargardon bo‘lardik. Bugun esa bunday ovoragarchiliklarga chek qo‘yilgani quvonarli. Asalarichilik bilan shug‘ullanaman. Bu ishni rivojlantirish maqsadida firma tashkil qildim va unga «Adolat Totli Asali» deya nom qo‘ydim. Ta'kidlash joiz, rasmiyatchiliklar ko‘p vaqt olmadi. To‘lovlarni amalga oshirishimiz bilan tegishli hujjatlarimizni qo‘limizga oldik. Markazdagi barcha xodimlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular chindan ham zimmalariga yuklatilgan ishga mas'uliyat bilan yondashishadi», — deydi tadbirkor Abdug‘ani Kamilov.