O‘zbekiston | 23:50 / 28.02.2019
18436
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahridagi to‘qimachilik korxonasi ko‘p tarmoqli klasterga aylanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi «Art Soft Tex Group» korxonasiga tashrif buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, bu yerda turli bichim va rangdagi sochiqlar, xalat, choyshab va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda. Ular ichki bozorga, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Bolgariya, Moldova va qo‘shni davlatlarga yetkazib berilmoqda. O‘tgan yili 290 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 9,4 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmini oshirish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Namangan shahri, Rishton va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida korxonaning bir nechta sexlari bor. Ularda 2 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. Yaqinda tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish kompleksi ishga tushirilishi bilan yana mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Art Soft Tex Group» faoliyatini kengaytirib, klaster usulida ishlashga o‘tmoqda. Korxona uchun Mingbuloq va Pop tumanlaridan yer ajratilgan, qishloq xo‘jaligi texnikalari sotib olingan.

Davlatimiz rahbari korxonaning kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Korxona tarkibida paxta tozalash, urug‘ yetishtirish, don mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, issiqxona tashkil etilishi, chorva boqish, yem ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma'qulladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yerning o‘zida viloyatda parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, asalarichilik, quyonchilik, intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, irrigatsiya va meliorativ tadbirlarni amalga oshirish, yer va kadastr tizimida innovatsion ishlanmalarni qo‘llashga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, ularni tezroq ishga tushirib, aholini ish bilan ta'minlash zarurligini ta'kidladi. 

Mavzuga oid