O‘zbekiston | 19:38 / 28.02.2019
7227
2 daqiqa o‘qiladi

​Ombudsman faoliyatiga to‘sqinlik qilgan amaldor jarimaga tortiladi

Foto: Getty Images

​Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks Ombudsmanning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda.​ Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, Ombudsmanning faoliyatiga to‘sqinlik qilish mansabdor shaxslarga jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

28 fevral kuni ish boshlagan Senat XVIII yalpi majlis yig‘ilishida senatorlar vakil vakolat va huquqlarini kuchaytiruvchi qonunga o‘zgartirishlarning kiritilishini ma'qulladi. 

Ma'qullangan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm joriy etilmoqda, ya'ni qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish belgilangan.

«Ushbu normaning belgilanishi mansabdor shaxslarning mas'uliyati kuchayishiga hamda Vakil, ayniqsa uning mintaqaviy vakillari ishiga ijobiy ta'sir qilishi shubhasiz», – deydi senatorlardan biri. 

Bundan tashqari, Jinoyat-ijroiya kodeksi shaxsning sog‘lig‘ini muhofaza qilish va xavfsizligiga tegishli qoidalar jazoni ijro etish muassasalarida ham qo‘llanilishiga oid norma bilan boyitilgan.

«Endilikda mahkumlar psixologik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarda faqatgina o‘z xohishlariga ko‘ra ishtirok etishadi», – deb izoh beradi senator o‘zgartirishlarga.

Shuningdek, mahkumlarning huquqlari mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq to‘liq ta'minlanishi nazarda tutilmoqda.

Shu munosabat bilan Senat «Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni​ ham ma'qulladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid