Jamiyat | 19:24 / 28.02.2019
13578
3 daqiqa o‘qiladi

«Qog‘oz»da o‘tayotgan tibbiy va texnik ko‘rik, olmaydigan maoshiga qo‘l qo‘yib berayotgan haydovchilar

Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida viloyatdagi yo‘lovchi tashish korxonalari faoliyati keskin tanqid ostiga olindi. Bu haqda Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhining sessiyadagi axborotiga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Deputatlik guruhining hamkor tashkilotlar bilan o‘rganishlari natijasiga ko‘ra, bir qator yo‘lovchi tashish korxonalari uyushmalarida tibbiy hamshira va texnik xodim yo‘l varaqasiga haydovchini tibbiy, mashinani texnik ko‘rikdan o‘tkazmasdan qo‘l qo‘yib bergani aniqlangan. Uyushmadagi hamma avtotransport vositalarini tibbiy va texnik ko‘rikdan o‘tkazishning iloji yo‘q. Chunki agar har bir taksiga 5 daqiqadan sarflansa, 50 mashinaga 4 soatdan ko‘proq vaqt talab qilinadi. Ayrim joylarda 2–3 uyushma bir joyda, ya'ni 100–150ta taksi bir joydan ko‘rikdan o‘tishi kerak.

Bundan tashqari, taksilarda o‘rnatilgan taksometrlarning hammasi yechib olib qo‘yilgan. Haydovchilar o‘zlari yo‘l kira tarifini belgilaydi. Taksilarning qurilma panelida ichki ma'lumotlar yo‘q. Haydovchilar esa uyushmaga ishlagan kunlari uchun 35–40 ming so‘m to‘lashi, 20 kun uyushma uchun, 10 kun o‘zlari uchun ishlashini ma'lum qilgan. Deputatlik guruhi a'zolariga haydovchilar uyushma uchun 700–800 ming so‘m pul to‘lashsa-da ularga 203 ming so‘m oylik maosh yozilishini, lekin ko‘p holatlarda faqat imzo qo‘yib berilishini ma'lum qilgan.

Shuningdek, kunlik to‘lov narxlari yuqori bo‘lgani sababli shaharda qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘lovchi tashish transportidan ko‘ra noqonuniylari ko‘p. Yo‘lovchi tashish xizmati bo‘yicha muammolar talay. Viloyat hokimligi bayoniga ko‘ra, 2018 yil yakuniga qadar Samarqand shahrida 14ta maxsus «TAXI» to‘xtash joylarini tashkil etish ko‘rsatilgan edi. Bu ish ham oxirigacha yetkazilmagan. Soliqdan qochish uchun ayrim uyushmalar bir joyning o‘zida 2–3 nomdagi uyushma tuzgan, ya'ni yagona soliqda turish uchun shu yo‘l tanlangan.

Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashi qarorida yuqoridagilardan kelib chiqib, Avtomobil va transport agentligi viloyat boshqarmasi rahbariga bir oy muddat ichida viloyatda va Samarqand shahrida jamoat transportidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan asoslantirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun viloyat hokimiga kiritish topshirig‘i berildi. Viloyat davlat soliq hamda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda avtobus va marshrutli taksilarda to‘lov terminallari ishlashini o‘rnatilgan tartibda tashkil qilish yuklandi.

Mavzuga oid