Uch kun davomida buvisining murdasi bilan birga qolib ketgan bola qutqarildi
Rossiyaning Ulan-Ude shahridagi bolalar bog‘chasi tarbiyachilari guruhlaridagi bolaning bir necha kundan buyon bog‘chaga kelmaganidan so‘ng uning uyiga borishdi.
«Komsomolskaya pravda» nashrining xabar berishicha, to‘rt yoshli bola kvartirada buvisi bilan birga yashagan. Tarbiyachilar bir sutka davomida bolaning buvisi bilan telefon orqali bog‘lana olmaganlaridan so‘ng, bog‘cha mudiri bu uyga o‘z xodimini jo‘natadi.
Ammo eshik qo‘ng‘irog‘i bir soat davomida uzluksiz chalinishiga qaramay ochilmaydi. Qo‘shnilar kampirni bir necha kundan buyon ko‘rmaganlarini aytishadi.
Pedagog politsiyaga va balog‘atga yetmaganlar bilan ishlovchi inspektorga qo‘ng‘iroq qiladi. Ular kelib eshikni ochganlarida bola buvisining jasadi yotgan divan yonida bo‘lgan.
Ma'lum bo‘lishicha, bola uch kun davomida buvisining murdasi bilan yolg‘iz qolgan va stol ustidagi konfetlarni yeb, suv ichgani uchungina jon saqlagan.
Shunga qaramay organizmi qattiq toliqqani va suvsizlangani uchun bola shifoxonaga yotqizilgan. Hozir uning ahvoli barqaror.
Xabarlarga ko‘ra, bolaning onasi 2016 yilda vafot etgan, otasi kimligi noma'lum, uni o‘z qaramog‘iga olgan buvisi 71 yoshda bo‘lgan. Bu voqeadan keyin bolaning xolasi paydo bo‘lgan va uni o‘z qaramog‘iga olish uchun hujjat to‘plashga kirishgan.