O‘zbekiston | 19:22 / 05.03.2019
5375
2 daqiqa o‘qiladi

Allamjonov: Muammolarni hal etishda Jurnalistlar ijodiy uyushmasining roli yo‘q

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov jurnalistlarning davlat idoralaridan axborot olishda muammolarga duch kelayotganini e'tirof etib, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini tanqid qildi. Bu masalaga u 5 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan davra suhbatida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Allamjonovga ko‘ra, idoralar va jurnalistlar orasida axborot masalasida muammolarning borligi real holat. Buni bartaraf etish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda, agentlik jurnalistlar uchun mutasaddilar ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtirishga ham tayyorligi ma'lum qilindi.

«Bu bilan aslida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshidagi Milliy matbuot markazi shug‘ullanishi kerak. Lekin shaxsan men uyushma yaxshi ishlayapti, deb aytolmayman. U shunchaki mavjud, xolos. Media sohasidagi muammolarga yechim topishda bu instansiyaning roli yo‘q hisob», — deya qo‘shimcha qildi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari.

Agentlik rahbari ushbu yig‘ilishda vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlarini ham tanqid qilgan. Uning aytishicha, agar jurnalistlar davlat tashkilotlaridan ma'lumot olishda sun'iy to‘siqlar va muammolarga duch kelsa, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘sha tashkilot rahbariyatiga taqdimnoma kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid