Sport | 19:24 / 05.03.2019
15585
13 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Ermatov bilan suhbat: Yaqin Sharqning eng qaynoq o‘yini, maydondagi 22 millioner va kuchli futbolchilarga «ov» haqida

Futbol mamlakatni dunyoga tanitadigan eng yaxshi vositalardan biri. Bugungi kunda futbolni milliardlar o‘yini deyishadi. O‘zbek futbolida ham mamlakat nomini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan vakillarimiz ko‘p. Ular orasida eng mashhuri, shubhasiz, Ravshan Ermatovdir. Jahon chempionatida eng ko‘p o‘yinda ishlagan hamyurtimiz Kun.uz tahririyati mehmoni bo‘ldi, undan faoliyati bilan bog‘liq savollarimizga javob oldik.

«Eron va Iroq kimga yutqazsa ham, bir-biriga yutqazmaydigan jamoalar»

Ermatov faoliyati davomida ko‘plab yuqori darajadagi o‘yinlarda ishlab, o‘zi qatnashgan musobaqalarning murakkab o‘yinlarida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan. Quyidagi o‘yinlarni Ermatov faoliyatidagi eng murakkablaridan deb topdik va bu borada uning fikrlari bilan qiziqdik: Urugvay – Niderlandiya (JCh-2010 yarim finali), Argentina – Xorvatiya (JCh-2018 guruh bosqichi o‘yini), Eron – Iroq (Osiyo Kubogi-2019 guruh bosqichi o‘yini). Hakam bu o‘yinlarning barchasi o‘zi uchun qiyin kechganini aytdi.

«Bilasizmi, hakam uchun oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Hakam barcha o‘yinga eng og‘ir ssenariyga tayyor bo‘lib tushishi kerak. Har bir o‘yin qaysidir ma'noda final deganidir. Yuqorida sanab o‘tgan o‘yinlaringiz yodimda. Urugvay – Niderlandiya o‘yinidan boshlasak. O‘sha o‘yindan ikki yarim kun avval Germaniya va Argentina o‘rtasidagi chorak final o‘yinida ishlagandik. Germaniya – Argentina o‘yini finaldan oldingi final bo‘lgandi. Bunday o‘yinlardan keyin odam ruhan charchaydi va tiklanish uchun ko‘p vaqt talab qilinadi. Bu o‘yindan 3 kun ham o‘tmay yarim finalga tayinlanganim kutilmagan hol bo‘lgan. Gollandlar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan. Hech qanday muammosiz o‘tkazganmiz o‘yinni.

Argentina – Xorvatiya o‘yini ham shiddatli kechgan. Asosiysi, bu o‘yinni qizil kartochkasiz o‘tkazganmiz. Hakam uchun o‘yinni qizil kartochkasiz o‘tkazish juda muhim. Eron – Iroq o‘yini qanday o‘tishini bilasiz. Bu Yaqin Sharq derbisi. Eron va Iroq kimga yutqazsa ham bir-biriga yutqazishni istamaydi. OFK bunday qiyin o‘yinni bizga ishonib topshirganidan xursand bo‘lganmiz. Ko‘rgan bo‘lsangiz, uchrashuvning boshlanishi keskin o‘tgandi. Keyin futbolchilarga muxlislar ularning janjalini emas, futbol ko‘rgani kelganini tushuntirib, vaziyatni nazoratga oldik va o‘yin chetlatishsiz, jiddiy xatolarsiz o‘tdi. O‘yindan keyin Karlush Keyrush bugun uchta yaxshi jamoa ishladi: Eron, Iroq va hakamlar jamoasi deb aytdi. Bunday gaplar odamning kayfiyatini ko‘taradi.

OFKda bizga Eron – Iroq o‘yinini bizga berishdan oldin oldingi musobaqadagi bu jamoalar ishtirokidagi o‘yin hamon ko‘pchilikning yodida ekanini, shu sabab bu o‘yin muammosiz o‘tishi kerakligini alohida ta'kidlashdi. Futbol o‘yini uchun har qanday janjal va mojaro ortiqcha».

Foto: Ravshan Ermatov

«Maqsadi tez boyib ketish bo‘lgan odamning faoliyati uzoqqa cho‘zilmaydi»

Jurnalistlar va muxlislar orasida kelishilgan o‘yinlar, totalizator va hakamlarning biror jamoaga yordam berishi ko‘p muhokama qilinadi. Ravshan Ermatovning bu boradagi fikrlari bilan ham qiziqdik.

«Bilasizmi, totalizator nafaqat futbol uchun, balki butun dunyo sporti uchun balo. Har qanday holatda totalizator orqali pul ishlaydiganlar topiladi. Bu narsa bevosita natijalarga ham ta'sir qiladi. Hakamlarning yordami haqida so‘radingiz. Bu borada aytishim mumkinki, odam o‘z oldiga qanday maqsad qo‘yganini aniqlashtirib olishi kerak. Kimdir o‘z sohasining professionali bo‘lishni maqsad qilsa, yutadi. Lekin kimdir tezroq boyib ketishni o‘ylasa, bunday insonning faoliyati uzoq davom etmaydi.

Hakamlarning biror jamoaga yordam berishi men uchun nozik masala. Chunki o‘zim hakam bo‘lganim uchun maydonda hakamning holatini yaxshi tushunaman. Ayblashdan oson narsa yo‘q. Futbolda xato ko‘p bo‘ladi. Futbolchi ham, murabbiy ham, hakamlar ham xato qiladi. Hakam bilib turib xato qilyapti deyish oson, lekin hakam ham xato qilishi mumkin-ku? Bir o‘yin davomida 200taga yaqin muammoli vaziyat bo‘lishi mumkin. Shundan 195tasida to‘g‘ri qaror chiqarsangiz, bu juda yaxshi natija. Lekin ko‘pchilik nimagadir 195ta to‘g‘ri qarorni emas, o‘sha 5ta noto‘g‘ri qarorni eslaydi. Hakam o‘yin davomida 80-85 foiz vaziyatni ko‘ra olishi mumkin, o‘yindagi barcha vaziyatni nazorat qilish imkonsiz.

Masalan Jahon chempionatini olaylik. U yerda dunyoning eng zo‘r hakamlari ishlashadi. Qo‘shimchasiga VAR tizimi joriy qilindi, lekin musobaqa davomida 20-23ta o‘yin natijasiga ta'sir qilgan xatolar bo‘ldi. Bu har 2-3ta o‘yinda jiddiy xato bo‘ldi degani. Dunyoning eng yaxshi hakamlarida shuncha xato bo‘layotganda nega bizning hakamlarda ham inson faktori borligini inobatga olmasligimiz kerak? Hakam har o‘yindan keyin tahlil qilishi kerak. Agar xatolarini ko‘rib chiqmasa, keyingi o‘yinlarda yana takrorlanishi mumkin».

«Xohlasangiz sizga qizil kartochka ko‘rsatishim mumkin»

Ko‘pchilik hakamlar o‘yindan keyin sariq va qizil kartochkalarni nima qilishi bilan qiziqadi. Ravshan Ermatov bu haqdagi savolimizga javob berar ekan, bizga sariq kartochka ko‘rsatishi mumkinligini aytib hazil qildi.

«Sariq kartochka har o‘yindan oldin berilmaydi. Bitta hakamga bir komplekt sariq kartochka bir mavsum uchun beriladi. Uni har kim har qanaqa ishlatadi. Kimdir kichik daftarcha olib yuradi va o‘shanga yozadi. Men esa kartochkaning o‘ziga yozaman. Keyinchalik uni o‘chirib tashlab, boshqa o‘yinlarda ishlatish mumkin. Lekin xohlasangiz, sizga sariq kartochka ko‘rsatishim mumkin (kuladi)».

«Maydonda 22 millioner o‘ynaydi»

Mehmonimizdan u uchun murakkab futbolchi bormi yoki yo‘qligi haqida so‘radik. Ravshan Ermatovning aytishicha, chiqishib bo‘lmaydigan futbolchining o‘zi yo‘q.

«Tilini topib bo‘lmaydigan inson bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Maydonda 22 futbolchi, ya'ni 22 millioner o‘ynaydi. Ularning barchasi o‘ziga xos xarakterga, injiqliklarga ega. Ularga kalit topishga harakat qilishingiz kerak bo‘ladi. Agar futbolchi bilan chiqisha olmasangiz, har qanday futbolchi siz uchun murakkab tuyulaveradi. Maydondagi futbolchilar haqida ma'lumot to‘plash kerak.

Yuqorida aytganimdek, hakam o‘yindagi 80-85 foiz vaziyatlarnigina ko‘ra olishi mumkin. Qolgan vaziyatlarda to‘g‘ri qaror chiqarishi hakam uchun uyga vazifa qilib berilgan bo‘ladi. Ya'ni, hakam futbolchilarni o‘rganishi kerak. Ba'zi futbolchilar qo‘pol bo‘ladi. Ularni nazardan qochirmaslik kerak. U futbolchi raqib tarkibidagi asosiy o‘yinchini o‘yindan chiqarish uchun «ov» boshlaydi. Hakam o‘sha «ov»ni to‘xtatib qolmasa, futbol yaxshi bir vakilidan ayrilib qolishi hech gap emas.

Yana shunday futbolchilar borki, undaylar simulyant bo‘ladi. Bo‘lar bo‘lmasga yiqilaveradi. O‘sha futbolchi bilan bog‘liq shubhali vaziyatni ko‘rolmay qolsangiz, simulyatsiya deb ketishingiz mumkin. Balki uni rostdanam tepishgandir, lekin bu futbolchining yomon imiji o‘ziga qarshi ishlaydi».

«Hovard Uebb JCh finaliga tayinlanganida zalda yugurib ketgan»

Ravshan Ermatovdan jahonga mashhur 5 hakam haqida fikrini so‘radik. Mehmonimiz Hovard Uebb, Nikola Ritssoli, Nestor Pitana, Massimo Buzakka va Feliks Brix haqida iliq fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Hovard bilan 2007 yil fevralda tanishganmiz. 2010 yilgi Jahon chempionatiga tayyorlanish jarayonida birga qatnashdik. Xushchaqchaq, futbolni yaxshi ko‘radigan, quvnoq inson. Hovard hozir Amerika ligasidagi hakamlarga rahbarlik qiladi. Nikola Ritssoli bilan ham yaxshi tanishmiz. U yaqinda bir kitob chiqardi. Unda JCh-2018 finaliga tayinlanish jarayonini ham hikoya qiladi. Ritssoli finaldan oldin 4ta brigada qolganini va finalni o‘zbekistonlik hakamlarga berishlari aniq deb o‘ylaganini eslaydi. «R deb aytishganidan so‘ng Ravshan finalga tayinlanganiga yanada ishonch hosil qilib, unga qaradim. Ravshan qanday reaksiya bildirishini ko‘rmoqchi edim», deb yozadi Nikola.

Hovard Uebb JCh-2010 finaliga tayinlanganida zal bo‘ylab yugurib ketgan. Orasio Elisonda 2006 yil finalga tayinlanganida yig‘lab yuborgan. Ritsolli esa 2014 yilgi finalda tayinlanganini bilgach, 10 daqiqa o‘ziga kela olmaganini, bu vaqtda ko‘z oldidan yoshligi, hakamlikka kirib kelgan chog‘lari o‘tganini aytadi. Nikola bilan hozirgacha gaplashib turamiz.

Nestor Pitana hakamlar orasida eng katta hakam (kuladi). Bilasiz, u juda gavdali odam. Yoshligida futbolchi bo‘lgan. O‘zining aytishicha, Argentinaning eng qo‘pol himoyachisi bo‘lgan ekan (kuladi). Nestor ajoyib inson. U JCh-2018 finaliga haqli tarzda tayinlandi. Yaqinda u bilan Saudiyada ham ko‘rishdik.

Busakka ham yaxshi do‘stim. U bilan 2010 yilgi JChga birga tayyorlandik. 2011 yil FIFA Massimoni hakamlar ko‘mitasiga rahbar qilib tayinladi. Chunki u adolatli inson. Felik Brix Germaniyaning eng yaxshi hakamlaridan. U bilan 2014 va 2018 yilgi JChda birga tayyorlangandik. Oxirgi JChda unga negadir bittagina o‘yin berishdi. Lekin Feliksning kvalifikatsiyasiga shubha yo‘q».

Ravshan Ermatovning aytishicha, dunyo hakamlarining ijtimoiy tarmoqda guruhlari bor va u yerda gaplashib turishadi.

«Jahon chempionati hakamlari degan guruhimiz bor. U yerda gaplashib turamiz, chunki biz do‘stmiz. Rahmatli bobom 100 so‘m pul olma, 100ta do‘st ol deb aytardilar. Qancha do‘st ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Butun dunyodan do‘stlarim borligi mening baxtim deb o‘ylayman».

«JCh-2010 ochilishida 18 km yugurganman»

Mehmonimizdan o‘yin davomida qancha yugurishi, bu boradagi shaxsiy rekordi va jismoniy holati haqida so‘radik. Uning aytishicha, hakamlar maydonda futbolchilardan ko‘p yugurishadi.

«Maydonda hakamlar futbolchilardan ko‘proq yugurishadi. Chunki biz to‘p qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda bo‘lishimiz kerak. Men JCh-2010 ochilishida 18 km yugurganman va bu mening shaxsiy rekordim. Balki hayajondan ko‘p yugurgandirman (kuladi). Ba'zi o‘yinlar bo‘ladiki, faqat bitta jamoa hujum qiladi. Bunday o‘yinlarda ko‘p yugurish shart bo‘lmaydi. Ikki tomonga ham tinimsiz hujum bo‘lib tursa, ko‘proq yugurish kerak. Umuman olganda, har o‘yinda o‘rtacha 12-13 km yuguraman.

Ba'zan bizning mashg‘ulotlarimizni ko‘rgan murabbiylar hakamlarga nima kerak bunaqa og‘ir mashqlar deb aytishadi. Lekin biz ham jismoniy jihatdan doim yaxshi holatda bo‘lishimiz kerak. Aks holda, vaziyatdan ortda qolishimiz hech gap emas. Oldimizga ba'zi yoshlar kelishadi. Shogirdlikka oling deyishadi. Xo‘p deymiz. 2-3 kundan keyin ko‘rinmay ketishadi. Hakamlikni oson ish deb o‘ylagan ekanman, menga to‘g‘ri kelmadi deyishadi. Yoshlarga hamma vaqt bir gapni aytamiz: og‘ir yo‘lni tanlash kerak».

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid