Jamiyat | 19:00 / 06.03.2019
57473
7 daqiqa o‘qiladi

«Asosiy qismi sog‘lom bolalar». Nuqsonli bolalarga ixtisoslashgan bog‘chalar korrupsiya botqog‘idami?

Yaponiya urushdan so‘ng tanazzuldan qanday chiqqandi? Rivojlanishning eng tez usuli qanday edi? Bu savollarga yaponiyalik do‘stlarimiz «biz e'tiborimizni ta'limga, ayniqsa yosh bolalar ta'lim-tarbiyasiga ko‘proq qaratdik» deya javob berishadi.

Biz ham mamlakatimizning ertangi kuniga hozirdan jiddiy yondashishimiz kerakligi kunday ravshan. Xo‘sh, bizning mamlakatda bolalar bog‘chalarida ahvol qanday? Maktabgacha ta'lim vazirligi navbatdagi tekshiruvlari davomida bizni hamkorlikka chaqirdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Bunday tekshiruvlarning birinchisi Toshkent shahri, Mirobod tumanida joylashgan «Buloqcha» nomli 32-maxsus bog‘chada o‘tkazildi. Ushbu bolalar bog‘chasi logopedik, ya'ni nutqda va so‘zlashishda kamchiliklarga ega bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan ekan. Bu maskanda imkoniyati cheklangan bolalar davlat tomonidan alohida himoyaga va e'tiborga olingan. Bog‘chada maxsus komissiya tomonidan tekshirilib, kamchilik aniqlanib tashxis qo‘yilgan va ma'lum parvarishga muhtoj bolalarni uchratishni kutgandik. Lekin kutilmagan manzara ustidan chiqdik.

Vazirlikning maxsus mutaxassislari bilan guruhlarga kirgan vaqtimizda bu bog‘chada ro‘yxatda yo‘q bo‘lgan bolalar ham bor ekan. Bundan tashqari, bu yerdagi bolalarning ko‘pchiligi sog‘lom, nutqi ravon bolalar edi.

Bog‘chada tibbiy tekshiruv o‘tkazilayotgan ekan. Biz bilan kelgan mutaxassislar ham o‘z «tekshiruvlar»ini boshlab yuborishdi. Natijada quyidagi holatlar aniqlandi.

«Bu bog‘cha nutqida kamchiligi bor bolalar uchun. Bunday tibbiy tekshiruvlarda nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan har 6 oyda, bir yilda qanday ishlanayotgani, qanday natijalarga erishilgani tekshirib boriladi. Asosiy tibbiy tekshiruvchilar logoped, nevrolog va psixodefektologlardir. Lekin bunday mutaxassislar bu yerga umuman kelmagan. 2016 yildan beri anketalarda umuman belgilanmagan. Boshqa maxsus toifadagi mutaxassislar kelishmoqda.

Tekshiruvlar bolalardagi o‘zgarishlarni aniqlab, agar bola sog‘lomlashgan bo‘lsa, umumiy bog‘chalarga o‘tkazish masalalari ko‘riladi. O‘rganish davomida bir guruhdagi 25 nafar boladan atigi 1 nafariga styortaya dizartriya tashxisi qo‘yildi. Qolgan bolalarning nutqida hech qanday muammo mavjud emas. Hammasi yaxshi gapiryapti, sanayapti. Eng achinarli jihati, bu bog‘chalarda parvarish qilinib, davolanishi kerak bo‘lgan bolalar navbatda turibdi. Nutqida muammosi bor oddiy oilalar farzandlari uchun ariza berganida joylar to‘lgan deya javob beriladi», deydi vazirlik bo‘lim boshlig‘i Umida Muhitdinova.

Umida Muhitdinova

Ushbu bog‘chaning oshxona hududiga kirgan vaqtimizda, puxta tayyorgarlik ko‘rilgan joyga duch keldik. Ozoda va ovqatlari me'yorida bo‘lgan holat bizda shubha uyg‘otdi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mavzeda bir necha kun muqaddam tekshiruvlar o‘tkazilgan va bu turdagi muassasalar hushyorlik bilan ish yuritayotgan ekan.

Vazirlik mutaxassislari bergan ma'lumotlarga ko‘ra, xuddi shunday logopedik nuqsonli bolalarga mo‘ljallangan 60-sonli bog‘chada ham aynan shunday muammolar mavjud ekan. Tekshiruvda aniqlanishicha, nutqida kamchiligi bor bolalar o‘rniga sog‘lom bolalar tarbiyalanayotganligini ko‘rishingiz mumkin, deydi vazirlik mutasaddilari.

Mutaxassislar bilan birgalikda Toshkent shahri, Chilonzor tumanida joylashgan «Sog‘lom farzand» nomli 24-maxsus maktabgacha ta'lim muassasida ham bo‘ldik. Bu joyda qo‘l-oyoqlari o‘sishida nuqsoni bor bolalar tarbiya qilinar ekan. Mutaxassislar dastavval tekshirishni shubhali oshxonadan boshlashga qaror qilishdi. Bu yerda bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulotlardan bir qanchasi shubhali tarzda berkitilgan joylar aniqlandi. Buni mutaxassislar «urib qolinayotgan mahsulotlar» deya gumonlashdi va bu holatni qayd qilib qo‘yishdi.

Shundan so‘ng bolalar guruhlari tekshirildi. Xonalarga kirib vaziyatni o‘rgangan vaqtimizda yana avvalgi safarga o‘xshash manzaraga guvoh bo‘ldik.

Kirishimiz bilanoq Chilonzor tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari Mukaddam Abdurahmonovadan fikr oldik.

«Bu maktabgacha ta'lim muassasida ortopedik muammolarga uchragan bolalar davolanishadi. Bu yerda ortoped xulosasi, yo‘llanmalar bilan tuman bo‘limiga murojaat qilishadi. Shundan so‘ng, maxsus komissiyadan o‘tkaziladi va bog‘chaga olinadi. Men shu maxsus mutaxassislar xulosasiga tayanaman. Bola shu bog‘chaga kelishga muhtoj deyilsagina yo‘llanma beriladi», deydi u.

Mukaddam Abduraxmonova

Bu paytda mutaxassislar o‘rganishni boshlashgan edi. Aslida, hammasini ko‘rinib turgandi. Xona ichida ortopedik nuqsonga ega bo‘lgan bolalar o‘rniga chopqillab yurgan bolakaylarga ko‘zimiz tushdi.

Shundan so‘ng, tekshiruvchi mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirishdi.

«Bu yerda ko‘pchilik bolalar oyoq yassiligi tashxisi bilan kelishgan. Qonun-qoidalarimizga ko‘ra, bu tashxis bilan ushbu bog‘chaga qabul qilinmaydi. Tekshirish davomida raqamsiz yo‘llanmalar, muhrsiz hujjatlarni ham uchratdik. Bular aslida hujjat ham hisoblanmaydi. Har bir shifokor o‘z muhriga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan bir qatorda, bu tashxis uchun asos hisoblanuvchi hujjat – rentgen xulosasi bo‘lib, bu yerda rentgen xulosalari yo‘q. Bir necha shifokorlarsiz ko‘riklar o‘tkazilgani ham aniqlandi. Eng asosiysi, ortoped shifokor yo‘q. Ortopedik muammolarga ixtisoslashgan muassasada ortoped shifokorning o‘zi yo‘q», deydi vazirlik bosh mutaxassisi Yelena Lavrova.

Yelena Lavrova

Maxsus bog‘chalarga qabul qilish va faoliyati 2017 yil 19 iyulda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 528-sonli qarori asosida tartibga solinadi. Ushbu qarorning 3-ilovasida kimlar bunday turdagi bog‘chalarga qabul qilinishi belgilangan. Qarorda og‘ir ko‘rinishdagi nuqsonlar ro‘yxati keltirilgan.

Ushbu bog‘chalardagi holatlarni ko‘rib kishi yoqa ushlaydi. Ha, korrupsiyani butkul yo‘q qilishning iloji yo‘q, lekin gap jajji bolajonlarimizning sog‘lig‘i haqida ketganda-chi?..

Vazirlik tomonidan bunday tekshiruvlar nafaqat poytaxtda, viloyatlarda ham hali davomli o‘tkaziladi. Korrupsiyaga qarshi kurash davom etadi. 

Muxbir: Bahodir Ahmedov
Tasvirchi: Fazliddin Abduqodirov

Mavzuga oid