Yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar yuzasidan ayrim qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi hukumat portaliga joylashtirilgan. Shu kunlarda qaror loyihasi muhokamasi qizg‘in davom etmoqda va fuqarolarning takliflari o‘rganilmoqda.

Mazkur qaror loyihasi bilan amalga kiritish taklif qilinayotgan yangiliklar yuzasidan ma'lumot olish maqsadida ATB “Qishloq qurilish bank” Qishloq qurilishini kreditlash departamenti boshlig‘i Zulayho Jo‘rayeva va Yuridik departament boshlig‘i Erkin Atabayevlarga murojaat qildik.

- Namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarga doir qabul qilingan Hukumatning ayrim qarorlariga qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda?

E.Atabayev: Hukumat qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2018 yil davomida Prezidentimizning ushbu sohadagi qarorlari ijrosi yuzasidan qabul qilinayotgan bo‘lib, ular asosan 4 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

Muhim jihatlardan biri bu - “arzon uy-joy” tushunchasining o‘zgarishi. Agarda e'tibor qilsangiz, 2017 yildan boshlab Dastur doirasida qurilayotgan qishloq joydagi 2 xil toifadagi uy-joylar, ya'ni ikki va uch qavatli ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar va 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida bir qavatli uylar arzon uy-joylar toifasiga kiritilgan edi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Dastur doirasida qurilayotgan boshqa uy-joylar, jumladan, 4 va 6 sotixli yer uchastkalarida quriladigan uy-joylar ham endilikda (rasman 2018 yildan boshlab) arzon uy-joylar hisoblanadi. Buning sababi, bu uy-joylarning qurilishini amalga oshirishning butun bosqichlari va qoidalari, jumladan, ulardagi ishtirokchilarga qo‘llanadigan soliq va bojxona imtiyozlari, ajratiladigan kreditlarning muddatlari va foiz stavkalari bir xil hisoblanadi.

Shunga muvofiq, Qaror loyihasida “arzon uy-joy” tushunchasiga doir o‘zgarishlar taklif qilinmoqda.

Z.Jo‘rayeva: Qaror loyihasidagi yangiliklardan yana biri boshlang‘ich badal summalarining o‘zgarishidir. Dastur doirasida qurilayotgan ikki, uch, to‘rt, besh qavatli ko‘p xonadonli (2 va 3 xonali) uy-joylar, 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun boshlang‘ich badalni uy-joy smeta qiymatining kamida 15 foizidan kamida 10 foizigacha kamaytirish nazarda tutilmoqda.