Zabihullo O‘rinboyev ham legionerga aylandi
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a'zosi Zabihullo O‘rinboyev «Paxtakor»ni tark etib, Yaponiyaga yo‘l oldi.
Futbol agenti San'at Sharipov o‘z tvitterida ma'lum qilishicha, 23 yoshli hujumchi Jyey Ligasi (J2-liga) ishtirokchisi bo‘lgan «Tokushima Vortis» bilan 2 yillik shartnoma imzolagan.
Hozirda shartnomaning boshqa tafsilotlari ma'lum emas.
Qayd etish kerakki, futbolchi «Paxtakor» bilan 2 yillik shartnomaga ega edi.
2018 yilning yozida O‘zbekiston U23 termasining sardori sifatida Osiyo chempionatida ishtirok etgan Zabihullo O‘rinboyevga Yaponiyaning «Vi-Varen Nagasaki» klubi ham jiddiy qiziqish bildirgandi.
Ma'lumot uchun, Zabihullo O‘rinboyev «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2013-2016 yillarda «Bunyodkor», 2017 yilda OKMK sharafini himoya qilgan, 2017 yildan buyon «Paxtakor» a'zosi bo‘lgan futbolchi 2018 yilgi mavsumni «Metallurg»da ijara asosida o‘tkazgandi.
U 2011 yildan 2013 yilgacha O‘zbekiston U17, 2014-17 yillarda O‘zbekiston U20, 2016 yildan boshlab U23 terma jamoalarida o‘ynagan, 2018 yilda ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqiruv olgandi.