Jamiyat | 21:16 / 07.03.2019
6295
2 daqiqa o‘qiladi

MyVus ilovasi nega ishlamayapti?

Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va jamoat transportlari qatnovini yaxshilash maqsadida avtobuslarning qatnov vaqtini ko‘rsatuvchi MyVus mobil ilovasi «Toshshahartransxizmat» yo‘lovchilariga ​xizmat ko‘rsatayotgan edi. Ammo ushbu dastur o‘tgan yilning 1 dekabridan beri noma'lum sabablarga ko‘ra ishlamayapti.

Mazkur holatga «Toshshahartransxizmat»​ AJ matbuot xizmati oydinlik kiritdi.

«Qatnov vaqtlari haqida aniq ma'lumot berilishini ta'minlash, sifatni oshirish maqsadida mazkur ilovaning eskisi to‘xtatilib, yangi varianti ishlab chiqilgan. 

U avtobuslarni to‘liq qamrab olish maqsadida GPS texnologiyasi asosida tuzilgan. Hozirda MyVus Test – 10.15 mobil ilovasi tayyor va u test rejimida ishlamoqda. Faqatgina ilovani internetdan yuklab olish bizga bog‘liq bo‘lmagan holda texnik sabablarga ko‘ra muammo bo‘lmoqda. Shu sababli uni hali ommalashtirmayapmiz»​, —​ dedi jamiyat matbuot kotibi Ravshan Yoqubjonov. 

Uning aytishicha, yaqin bir oyda barcha muammolarni bartaraf etilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Telegram messenjerida onlayn rejimda TashBus bot xizmati ham mavjud bo‘lib, uning faoliyati ham noma'lum sabablarga ko‘ra to‘xtagan. 

«Toshshahartransxizmat»​ vakili taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, mazkur bot bo‘yicha loyiha to‘xtatilgani bois, endi u xizmat ko‘rsatmaydi, transport qatnovi haqida ma'lumotni faqat MyVus ilovasi orqali olish mumkin bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, «Toshshahartransxizmat»​ AJning 1062 ishonch telefoniga bog‘langan foydalanuvchilarga test rejimidagi MyVus Test – 10.15 mobil ilovasini yuklab olish yo‘llari haqida ma'lumot taqdim etiladi.​

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid