Rossiyaning MTS mobil operatori AQSh Adliya vazirligi va uning huzuridagi Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar komissiyasi bilan kelishuvga erishdi. Rossiya kompaniyasi O‘zbekistondagi sobiq sho‘'ba korxonasi atrofidagi tergov doirasida 850 million dollarlik jarima to‘lashga tayyor.

​AQSh rasmiylari ushbu tergovni 2014 yildan olib boradi, 2015 yil bahorda Niderlandiya prokuraturasi bilan birgalikda Vimpelcom, MTS va TeliaSonera kompaniyalarining Gulnora Karimova bilan aloqasi borligi ta'kidlanadigan Takilant kompaniyasi bilan bitimlari yuzasidan tergov boshlagandi.

Aslida-chi? Nega MTS AQShga jarima pullarini to‘lashga rozi bo‘ldi? Gulnora Karimova qanday jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanyapti?

Nyu-York Janubiy okrugi prokuraturasi​ bayonotida ta'kidlanishicha, O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova va MTSning O‘zbekistondagi sho‘'ba korxonasi - Uzdunrobita sobiq bosh direktori Bekzod Ahmedov AQShda pul yuvish va 865 million dollar miqdorida pora olishda ayblanmoqda.​ Ularga nisbatan jinoiy ish ochilgan. 

Qayd etilishicha, jinoiy ish «xorijiy korrupsiya amaliyotlari to‘g‘risidagi qonun tarixida eng yirik holat» yuzasidan ochilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Gulnora Karimova uchta telekommunikatsiya kompaniyasidan 865 million dollar miqdorida pora olish va keyinchalik bu poralarni AQSh moliya tizimi orqali yuvish uchun o‘z rasmiy mavqeyidan foydalanishda ayblanmoqda.

2004-2012 yillarda Uzdunrobita aksiyalarining 74 foiziga egalik qilgan ​MTS kompaniyasi AQShda ta'sis etilgan boshqa kompaniya yordamida Uzdunrobita'ga ega chiqqani iddao qilinmoqda. O‘z o‘rnida Gulnora Karimova O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi qarorlariga ta'sir o‘tkazganlikda ayblanmoqda.

2004 yili «O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi​ faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi raisi I.Karimov imzolagan hujjat e'lon qilinadi. ​MTS o‘zbek bozoridan chiqib ketgan payt — 2012 yilda agentlik ham o‘zgaradi.

Prezident qaroriga muvofiq, u Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitas​i sifatida qayta tashkil etiladi.

Karimova nazoratida faoliyat yuritgani iddao qilinayotgan Kolorit Dizayn Ink MChJ reklama agentligi orqali Gulnora pora pullarni olgani ta'kidlanmoqda. MChJning ayrim xodimlari 2004-2012 yillarda Uzdunrobita kompaniyasida ham ishlagan.

Shuningdek, AQSh Nyu-York Janubiy okrugi prokuraturasi​ ayblovida Gulnora Karimovaning korrupsion sxemasida yana 3ta kompaniya (A, B, C) ishtirok etgani, ularning 3 nafar rahbari ham shu ishga aloqadorligi ta'kidlanadi. Ayblovda kompaniyalarning biri 2004 yili tashkil etilgan paytda, unga rahbarlik qiluvchi direktor 20 yoshda bo‘lgani bildirilgan.