200 dollarlik fotosurat, “ish bitirgan” kurka bolalari va qo‘shmachining “tanka”si – noodatiy poralar
Qashqadaryoda er va xotinning telefon orqali suhbati eng qimmat aloqa sifatida rekordlar ro‘yxatiga kiritilishiga da’vogarlik qilishi mumkin: ayol turmush o‘rtog‘i bilan qo‘ng‘iroqlashish uchun 1 500 dollar to‘lashiga to‘g‘ri keldi. Ammo aloqa kompaniyasiga emas. Kun.uz “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” munosabati bilan O‘zbekistonda sodir qilingan biroz noodatiy korrupsion holatlarni to‘pladi.
O‘zbekistonda korrupsion holatlarning aksariyati sohalar kesimida bir-biriga juda o‘xshash: ta’lim va tibbiyot tizimida ishga joylashtirish, huquqni muhofaza qilish sohasida jinoyatni yashirish, “delo” ochmaslik, mahalliy hokimliklar va kadastr yo‘nalishida yer olib berish, hujjatlashtirish, ekologiya tizimida esa chora ko‘rmaslik bilan bog‘liq poraxo‘rlik holatlari ko‘p uchraydi. Biroq ba’zida bulardan farqli ravishda noodatiy poraxo‘rlik holatlari ham sodir etiladi.
3 ming dollarlik “aloqa”
Qashqadaryoda turmush o‘rtog‘i bilan telefonda gaplashmoqchi bo‘lgan ayoldan 3 ming AQSh dollari pora so‘raldi. Negaki, ayolning eri jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan edi.
Gap shundaki, IIV Jazoni ijro etish Departamenti, 6-mintaqaviy hudud, 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasida tarbiyaviy ishlar bo‘limi katta inspektori lavozimida ishlab kelgan Jasur Yunusov (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) “aloqachi”lik qilib pul topmoqchi bo‘lgan.
U jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2015 yil 1 apreldagi hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga oila a’zolari va yaqin tanishlari bilan yashirin ravishda telefon orqali aloqaga kirishishga sharoit yaratib bergan. Jumladan, Jasur Yunusov mahkumni o‘zida saqlab kelgan telefon apparati orqali turmush o‘rtog‘i bilan gaplashtirib kelgan.
Jasur Yunusov yaqinlari bilan gaplashish uchun telefon taqdim qilishi evaziga mahkumdan 3 ming AQSh dollar talab qilgan. U 2024 yil 2 avgust kuni Qarshi shahrida kirakash orqali mahkumning turmush o‘rtog‘idan 1 500 AQSh dollari olgan vaqtida tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud hukmi bilan “aloqachi” inspektor Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“To‘yonachi” rahbar
Pora gohida sovg‘a, to‘yona, ko‘rmana va boshqa nomlarga o‘zgarib turadi. Bu odatda “xavfsizlik” uchun qilinadi. Ammo Kadastr agentligining To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘ining shunday harakati ish bermadi.
Sud hukmida bayon qilinishicha, Sobir Uchqunov yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab, foydalanib kelgan fuqaroga unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan holda 51 mln so‘m jarima qo‘llanishini bildirgan. Fuqaro 2024 yil 21 avgust kuni Kadastr agentligi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limiga kelib, Sobir Uchqunov bilan uchrashgan hamda 51 mln so‘m ma’muriy jarima qo‘llamaslikni so‘ragan. U tomorqasining yer uchastkasiga tegishli hujjatlarini rasmiylashtirayotganini, tez orada ularni taqdim etishini aytgan.
Sobir Uchqunov esa bir xodimining to‘yi bo‘layotganini aytib, fuqarodan noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgani uchun ish qo‘zg‘atmaslik evaziga to‘yona berishini talab qilgan. Fuqaro farzandlariga o‘quv qurollari olish uchun bir tanishidan 100 dollar qarz ko‘targanini, shu mablag‘ni berishini, boshqa puli yo‘qligini ma’lum qilgan. Bo‘lim boshlig‘i tamagirlik yo‘li bilan yana 300 dollar “to‘yona” so‘ragan.
2024 yil 22 avgust kuni fuqaroning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Sobir Uchqunov To‘raqo‘rg‘on tumani Oqtosh mahallasi hududida o‘zining Lacetti mashinasida 300 dollarni pora tariqasida olgan. So‘ngra mashinasini harakatlantirib, IIB xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, 300 dollarni mashina oynasidan uloqtirganicha voqea joyidan qochgan. Ammo u pulni olgani Namangan viloyat IIB EKBning xulosasi bilan tasdig‘ini topgan.
Sud hukmi bilan Sobir Uchqunov Jinoyat kodeksi 210-moddasi 2-qismining “v” bandida (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan Kadastr agentligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
200 dollarlik fotosurat
Ushbu poraxo‘rlik holati yanada qiziqroq. Negaki, Qorako‘l tuman IIB 1-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan Rustam Istamov korrupsion vaziyatni o‘zi “ijod qilib” yaratgan.
Sud hukmida keltirilishicha, Rustam Istamov ichki ishlar tizimida 2002 yil iyul oyidan, Qorako‘l tuman IIB 1-sonli IIB boshlig‘i lavozimida esa 2020 yil noyabr oyidan buyon ishlab kelgan. U jazo muddatini o‘tab chiqqan fuqaroning fotosuratini qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlari hamda ularning yordamchilari orqali “Ehtiyot bo‘ling, firibgar” yozuvi ostida Qorako‘l tumani Jig‘achi mahallasi hududida joylashgan jamoatchilik nazorat maskani va boshqa aholi gavjum joylardagi e’lonlar taxtasiga joylashtirgan.
Fuqaro fotosuratini olib tashlash borasida bir necha bor murojaat qilgan. Biroq Rustam Istamov garchi ushbu fotosurat e’lonlar taxtasiga noqonuniy joylashtirilganligini bilsa-da, uni olib tashlashni paysalga solib kelgan.
Shu tariqa u fuqaroni pora berishga majbur etadigan sharoitga qasddan tushirib, undan pora sifatida 200 AQSh dollari talab qilgan. U kelishilgan pulni Qorako‘l tumani Qoraqulonchi mahallasi hududida Gobalt mashinasida olganda ushlangan.
Dastlabki sud instansiyasining hukmi bilan Rustam Istamovga 1 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Keyinchalik sud hukmi o‘zgartirilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.
“Ish bitirgan” kurka bolalari
Qorako‘l tumani mudofaa bo‘limining sobiq boshlig‘i pora tariqasida 12 bosh kurka bolasini olgan.
1976 yilda tug‘ilgan Olim Saidov o‘zga bir fuqaroni aldab, uni viloyat mudofaa boshqarmasi safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘limi noziri vazifasiga ishga joylashtirganligi uchun tamagirlik qilgan. U o‘zining yashash xonadonida fuqarodan kimyoviy ishlov berilgan 100 AQSh dollari va 12 bosh kurka bolasini pora tariqasida olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Ishni ko‘rib chiqqan harbiy sud unga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagandi.
Qo‘shmachining “tanka”si
IIB tizimida “ko‘z yumganlik” uchun pora olish holatlari ko‘p uchraydi. Shayxontohur tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan A’zam Qo‘ldoshev shunday holatning “qahramoni”.
Sud hukmida keltirilishicha, A’zam Qo‘ldoshev F.A. ismli ayoldan Shayxontohur tuman hududida fohishalik bilan shug‘ullanishga sharoit yaratib berish, qonuniy chora ko‘rmaslik hamda unga rahnamolik qilib turishi evaziga har oyda 1 500 AQSh dollar berishni talab qilgan.
A’zam Qo‘ldoshev ayoldan bir oy uchun oldindan 1 500 AQSh dollarini xizmat xonasida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan tezkor tadbirda ushlangan.
Sud A’zam Qo‘ldoshevni pora olish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topgan. Unga 2 yil huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
«Zamhokim»ning million dollari
2024 yilda tezkor tadbirlarda pora bilan qo‘lga olingan amaldorlar ko‘p. Ular orasida eng ko‘p pora talab qilgan amaldorlardan biri Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari hisoblanadi.
“Zamhokim” xizmat mavqeyidan foydalangan holda klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln dollar miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln dollar talab qilgan. U oldindan 1 mln dollarni o‘z haydovchisi orqali olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Juda ko‘p miqdorda pora olgan hokim o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Shuningdek, yil boshida 90 ming AQSh dollari olayotganda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov ham ko‘p miqdorda pora olgan amaldorlardan biridir.
Mavzuga oid
12:00 / 11.12.2024
Netanyahu korrupsiya bo‘yicha ish yuzasidan sudda ko‘rsatma berishni boshladi
19:25 / 02.12.2024
Navoiyda pora olgan IIB xodimi ozodlikdan mahrum qilindi
12:07 / 30.11.2024
Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali sobiq boshlig‘i 12 yilga qamaldi
14:48 / 17.11.2024