Samarqand shahrida yashovchi D.Umarova aslida Lutfiy ko‘chasida davom etayotgan 72-uyning qurilishi oqibatida paydo bo‘layotgan noqulayliklar haqida tahririyatimizga xat yo‘llagandi. Ammo o‘rganish jarayonida bu yerda yanada jiddiyroq muammo turganiga guvoh bo‘ldik.
Bu manzilda qurilayotgan uy D.Umarovaning hovlisi yonginasida qad ko‘targan bo‘lib, bu uydagi xonadonlarning 56ta derazasidan ham Umarovaning hovlisini «tomosha qilish» mumkin.

Qurilish jarayonida ishchilar nigohidan qochib yashash allaqachon Umarovaning sabrini tugatgan. Holbuki, hali bu xonadonlarning barchasiga egalari ko‘chib kelishadi. Umarovaning qator tashkilotlarga qilgan murojaatlari javobsiz qolmagan, biroq, natija ham keltirmagan. Bir qator javob xatlarida fuqaro haqligi, mazkur holat «yaxshi emas»ligi ta'kidlangan, xolos. Umarovaning esa boshi qotgan.
Keling, masalaga soddaroq yondashamiz. Uyingiz yonginasidan ko‘p qavatli bino qurilib, sizga noqulaylik keltiryapti. Siz qurilish nazorat inspeksiyasiga murojaat qildingiz. Inspeksiya esa rostdan ham tegishli me'yorlar buzilganini sizga rasman ma'lum qiladi. Boshqa tashkilotlar ham shu kabi javoblarni beradi. Xo‘sh, endi nima qilishingiz kerak? Har holda «inspeksiya aytdi-ku», deya lom bilan ketmonni olib qo‘shni binoni buzishga tushmaysiz, tusholmaysiz...
Mazkur holat bo‘yicha Samarqand shahar hokimligi mutasaddilariga uchrashib tamoman yangi tafsilotga duch keldik. Umarova norozilik bildirayotgan bino — Samarqand shahar, Lutfiy ko‘chasidagi 72-uy YuNeSKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kirgan hududda joylashgan bo‘lib, noqonuniy qurilma hisoblanarkan. Bu haqda bizga Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniy meros departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi mutaxassislari ham ma'lum qilishdi. Shunday bo‘lgani holda Umarovaning shikoyatini o‘rganib chiqqan aksariyat tashkilotlar bu haqda og‘iz ochishmagan.
Fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga murojaati yuzasidan esa shahar hokimligi shunday mazmunda javob beradi:
«...o‘rganish jarayonida D.Umarovaning qo‘shnisi tomonidan qurilayotgan uy-joydan noroziligi sabablari ko‘rib chiqildi va o‘zaro kelishmovchiliklar kelib chiqqani sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat etish to‘g‘risida tushuntirish berildi».

Qonun nuqtai nazardan bu javob xatida hech qanday noto‘g‘ri harakat yo‘q. Ammo e'tibor bersangiz, xatda nizoli uyning na manzili, na uning ko‘p qavatli uy ekani ko‘rsatilgan. Agar ko‘rsatilganida bu YuNeSKO tomonidan muhofaza qilinadigan tarixiy hududda qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joy ekani oydinlashar va nega bu uy qurilishi to‘xtatilmayotganiga izoh berishga to‘g‘ri kelishi mumkin edi. Shu sababli ham «qo‘shnining uy-joyi» degan baho osonroqdek.

















