O‘zbekiston | 20:16 / 11.03.2019
21147
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» uchoqlar parkiga Airbus A320neo samolyoti qo‘shildi

2019 yil 11 mart kuni O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining uchoqlar parki Airbus A320neo (New Engine Option – yangi talqindagi dvigatelli) samolyoti bilan to‘ldirildi. Airbus kompaniyasining A320 oilasiga tegishli ushbu rusumdagi samolyoti o‘zining iqtisodiy jihatdan samaradorligi bilan ajralib turadi.

Dastlabki nusxasi 2014 yilda namoyish etilgan Airbus A320neo layneri ikki toifali komponovkada ishlangan. Samolyot bortida biznes toifada 12 ta o‘rin, ekonom toifada 138 ta o‘rin mavjud (Airbus kompaniyasining rasmiy saytiga ko‘ra maksimum sig‘im 180 o‘rindan oshishi mumkin).

Jahon aviabozorida Boeing kompaniyasining 737 Max rusumli samolyoti bilan raqobatlashuvchi layner CFM International LEAP-1A yoki Pratt & Whitney PW1100G dvigatellari bilan ta'minlanishi mumkin.

«O‘zbekiston havo yo‘llari»ning yangi samolyoti esa yoqilg‘ini tejovchi CFM International LEAP-1A dvigateli va aerodinamik xususiyatlarni yanada yaxshilash imkonini beruvchi fyuzelaj konstruksiyasidagi zamonaviy ishlanmalar bilan ta'minlangan. Bu jihatlar laynerni oldingilariga nisbatan 20 foizga tejamliroq qiladi.

Shuningdek, samolyotda o‘rnatilgan yangi dvigatellar va sharkletlar hisobiga havoga CO va NO chiqindilari nisbatan kam ajraladi.

Hamburg-Toshkent yo‘nalishida yetib kelgan laynerning parvoz masofasi 5 ming kilometrni o‘z ichiga oladi (Airbus rasmiy saytiga ko‘ra bu masofa 6300 km gacha yetishi mumkin).

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 2 dona Airbus A320neo rusumidagi avialayneri keltirilishi to‘g‘risidagi shartnomani 2017 yilda imzolagan. Aerobuslarning ikkinchisi aprel oyining boshida keltiriladi.

Yangi havo laynerining ilk parvozi qaysi yo‘nalishda amalga oshirilishi hali ochiqlanmagan.

Ma'lumot uchun, Airbus A320neo samolyotining ilk xaridori Germaniyaning Lufthansa, MDH davlatlari orasida esa Qozog‘istonning Air Astana aviakompaniyasi bo‘lgan. Airbus A320 oilasiga mansub Airbus A320neo samolyotining taxminiy narxi 102 mln. AQSh dollaridir.

Mavzuga oid