Jahon | 22:26 / 12.03.2019
8705
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing 737 MAX samolyotlaridan voz kechayotgan davlatlar va aviakompaniyalar soni ortib bormoqda

Foto: AP Photo/Ted S. Warren

Efiopiyada Boeing 737 MAX samolyoti bilan yuz bergan halokatdan keyin uni qo‘llashdan voz kechayotgan aviakompaniyalar va uning o‘z hududidan uchib o‘tishini istamayotgan davlatlar soni tobora ortib bormoqda. 

Jumladan, Avstriya transport, innovatsiya va texnologiyalar vaziri Norbert Xofer ushbu turdagi samolyotlar uchun mamlakat havo hududini yopishni buyurgan.

“Xavfsizlik – aviatsiyadagi eng ustuvor jihatdir. Ushbu turdagi Boeing bilan katta muammolar mavjudligi ayon va ular oxir natijada ikkita halokatga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Yo‘lovchilar, uchuvchilar va ekipaj a'zolarini himoyalash maqsadida ayni vaqtda mavjud dalillar asosida bu samolyotlarning Avstriya havo hududi orqali uchishini to‘xtatishga ko‘rsatma berdim”, deb aytgan Xofer. 

Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Germaniya, Malayziya, Ummon, Irlandiya ham o‘z havo hududlari orqali Boeing 737 MAX parvozlarini to‘xtatishga qaror qilgan. Bundan tashqari, Xitoy, Indoneziya, Vetnam, Singapur va Avstraliya bu samolyotlarni qo‘llashni vaqtinchalik to‘xtatishga ko‘rsatma bergan.  

Kamida 27 ta aviakompaniya Boeing 737 Max 8’dan foydalanishdan voz kechdi. Ular orasida China Southern Airlines, Norwegian Air, Iceland Air, Air China, Turkish Airlines, Shanghai Airlines, Lion Air, Oman Air, Ethiopian Airlines, Lucky Air, Royal Air Maroc, Garuda Indonesia va boshqa aviakompaniyalar bor.

Mavzuga oid