Jahon | 22:23 / 12.03.2019
181403
5 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimovaning qizi onasi haqida ayrim tafsilotlarni ma'lum qildi

Gulnora Karimovaning qizi Iman onasining hayotidan ayrim voqealar tafsilotini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda The Guardian ingliz nashri. 

O‘zbekiston Birinchi Prezidentining nabirasi bo‘lmish Iman Karimova ilk marta OAVga katta intervyu berdi. 

Nashrga ko‘ra, Iman onasi uy qamog‘ida saqlanayotgan xonadondan Gulnoraning huquq-tartibot organlari olib chiqib ketayotgani aks etgan videolavhalar bilan o‘rtoqlashgan. 

«Nimcha va pushti oyoq kiyimdagi Karimovaning bezovta qiyofasi, bir necha yillar oldin, qimmat musiqiy kliplar va shaxsiy parfyumeriya tarmog‘i reklama roligi uchun tasvirga tushgan, g‘arbdan Sting va Jyerar Deparde kabi yulduzlarni Toshkentga taklif etgan o‘ziga o‘xshamasdi», — deb yozadi nashr.

Karimova va boshqalar 865 million AQSh dollarini noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblanib, ​o‘tgan hafta AQSh Adliya vazirligi ​rasmiy ayblovni e'lon qildi. Shuningdek, Karimova shveyts tergov organlari olib borayotgan korrupsiyaga qarshi kurash ishida figurant hisoblanadi.

«Millionlab o‘zbeklar Rossiyadagi qurilish maydonlarida mehnat qilib, oilasini boqish g‘amida yurgan damlar, Karimovning ikki qizi ham G‘arb va O‘zbekiston orasida kibor hayotda yashadi», — deya voqealarga bo‘yoq bergan The Guardian.

​Jurnalist bilan suhbatlashgan Imanning aytishicha, u 2014 yili, 15 yoshga to‘lgach, yoz oylari Brighton College xususiy maktabdagi o‘qishidan ta'til olib Toshkentga qaytgandi. U uyda onasining mehmonlari bo‘lgani va shu onda arqonga osilgancha qora niqobli kishilar xonaga bostirib kirganini aytadi.

«Bizning tan qo‘riqchilarimiz boshqa yo‘riqnoma olgandi, shekilli, ular himoyachi emas, qamoqxona darboniga aylanishdi. Onam bobomga qo‘ng‘iroq qilishga harakat qildi, lekin u imkonsiz edi. U otasini boshqa hech qachon ko‘rmadi», — deya ta'kidlaydi Iman.

​Gulnoraning qizi bu sinovlarning boshlanishi bo‘lganini iddao qiladi. U Toshkent yaqinidagi uyda onasining ikki nafar xodimi bilan birga yashaganini bildirdi. Ular bilan birga yashagani aytilayotgan Valentina ismli, 30 yoshli ayol oilasi va yaqinlari bilan ko‘risholmayotganidan noligan. Iman uni sirka ichgani uchun shifokorlar shoshilinch olib ketganini ko‘rganini aytadi. Keyinchalik, kichik Karimovaga ma'lum bo‘lishicha, u vafot etibdi. 

Bosh prokuratura 2017 yilga qadar sobiq prezident qizining taqdiri haqida rasmiy gapirmagandi.

Iman 2015 yili jazoga mahkum etilgan onasi ustidan sud qanday kechganini tasvirlab bergan. Sud ular yashayotgan uyning oshxona qismida, bir necha soat ichida bo‘lib o‘tgani aytilmoqda. Suddan so‘ng, Iman Toshkent atrofidagi hukumat pansionatiga olib borilgan. U onasini ko‘rgani ba'zan borib turgan.

Iman ta'limda yo‘qotilgan yillardan so‘ng, o‘zbek hukumat uning Londonga borishiga qarshilik qilmaganini aytadi. U akasi —​ kichik Karimov bilan hukumatdan onasini ozod etishlarini iltimos qilgan. Qizning so‘zlariga ko‘ra, Gulnora salomatligida jiddiy xavflar mavjud, u zudlik bilan operatsiya stoliga yotishga muhtoj.

Kichik Karimov onasining Shveytsariya sudi oldida va boshqa ayblovlar uchun huquqiy javob berishini ta'kidladi. U Gulnora Karimova ozod etilsa, amalda o‘zbek hokimiyat elitasi bobosi davrida qilgan jinoyatlari izi ochilib qolishini ma'lum qilgan.

«Shunda ko‘p narsa oydinlashadi, ularning barchasi bog‘liq», — deydi o‘g‘il.

​Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura Gulnorani jazoni o‘tash tartibini buzgani uchun qamoqqa olgani xabar berilgandi

«IIV Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati taqdimnomasi asosida jazoni o‘tash talabi va shartlarini qo‘pol ravishda buzgani sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan G.Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning qolgan qismini jinoyat-ijro qonunchiligiga muvofiq umumiy rejimdagi koloniyada o‘tash jazosiga almashtirish to‘g‘risida ajrim chiqarildi», – deyiladi Bosh prokuratura tarqatgan xabarda.​

Aslida, Gulnora Karimova o‘z otasi Islom Karimov hokimiyatda bo‘lgan paytdayoq qo‘lga olingandi. U o‘zbekistonliklar va davlatga jami 3 trillion 746 million so‘m ziyon yetkazganlikda ayblanadi. Uning ishi qanchalik shov-shuvli bo‘lmasin, yetkazilgan ziyon va xorijiy bank hisob raqamlarda qolib ketayotgan pullarni haqiqiy haqdor —​ O‘zbekiston xalqiga qaytarish murakkab kechmoqda.

Mavzuga oid