O‘zbekistonda yana bir vaksina joriy qilindi
Bugun, 12 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «O‘zbekistonda papilloma virusiga qarshi yangi vaksinaning tatbiq etilishi: maqsad va kutilayotgan natijalar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va YuNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonalari mas'ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, ulardan 190 mingi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratonidan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar (15–44 yosh) orasida esa bachadon saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi.
Har yili O‘zbekistonda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Odam papillomasi virusiga (OPV) qarshi emlash esa ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishning samarali usullaridan biri hisoblanadi. O‘smir yoshdagi qizlarni rejali emlash kelgusida 1100ta kasallanish holati va bachadon bo‘yni saratoni kasalligidan yuzaga keladigan o‘lim holatining oldini olishga yordam beradi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotlarida.
Milliy emlash kalendari bo‘yicha yurtimizda bolalar 12ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi. OPVga qarshi vaksinaning 13-emlash sifatida joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni xastaligining oldini olishga xizmat qiladi.
Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi. Oktabr oyidan boshlab esa 400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi. 2020 yil aprelida ular ikkinchi marta emlanadi.
«2010 yilda mamlakatimizning bir necha viloyatlaridan 8000 nafar qiz ushbu vaksina bilan emlandi va ular diqqat bilan kuzatildi. Hozirda ayrimlarining oilasi va farzandlari bor. O‘tgan davrda ularning reproduktiv salomatligida emlashning hech qanday nojo‘ya ta'sir yoki asorati kuzatilmadi», – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova.
Joriy yildan boshlab ushbu vaksina milliy emlash kalendariga kiritiladi va qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada, O‘zbekistonda 2060-yillarga borib ayollarning bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanish holatlariga barham beriladi.
Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining «odam papillomasi epidemiyasi va bu kasallik asoratlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyo miqiyosida qanday o‘rinda turadi?» degan savoliga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi mas'ul xodimi Lyudmila Musina shunday javob berdi: «Bu infeksiyaning tarqalishi bo‘yicha O‘zbekistondagi holat boshqa davlatlardagin deyarli farq qilmaydi. Ammo papilloma tufayli kelib chiqqan kasalliklar va xususan o‘lim holatlarining ozligi bo‘yicha O‘zbekiston g‘arb davlatlariga yeta olmasada, dunyo davlatlari ro‘yxatida o‘rtalikda turadi, deb aytish mumkin».
Mavzuga oid
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
21:15 / 13.09.2024
JSST maymunchechakka qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi
00:00 / 06.09.2024