O‘zbekiston | 19:13 / 12.03.2019
12982
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Navoiy IESda barpo etilayotgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini borib ko‘rdi

Navoiy issiqlik elektr stansiyasi yuqori darajada sanoatlashgan va unga tutash mintaqadagi iste'molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta'minlovchi asosiy manba hisoblanadi. 

Navoiy kon-metallurgiya kombinati, «Navoiyazot», «Qizilqumsement» aksiyadorlik jamiyatlari kabi yirik korxonalar, iqtisodiyotimizda salmog‘i tobora ortib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining samarali faoliyati va aholini yanada ishonchli elektr energiya bilan ta'minlash aynan ushbu stansiyada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga bevosita bog‘liq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Navoiy issiqlik elektr stansiyasida bo‘lib, ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi.

Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation» va «Mitsubishi Hitachi Power Systems» konsorsiumi hamda «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida mazkur bug‘-gaz qurilmasini bunyod etish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. Umumiy qiymati 432 million AQSh dollariga teng ushbu inshootning quvvati 450 megavatt. Qurilish «Mitsubishi Corporation and MHPS» konsorsiumi va Turkiyaning «Calik Enerji» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. 

Prezident bug‘-gaz qurilmasi gaz turbinasining ishlash jarayonini ko‘zdan kechirdi.

An'anaviy elektr stansiyalarining foydali ish koeffisentini oshirish yo‘llarini izlash - butun dunyo texnologlari e'tiborida bo‘lgan masala. Bug‘-gaz qurilmalari ushbu muammoning zamonaviy yechimidir. Issiqlik elektr stansiyalarining foydali ish koeffitsiyenti odatda 40 foizni tashkil etadi. Navoiy IESning birinchi bug‘-gaz qurilmasida bu ko‘rsatkich 57 foiz bo‘lsa, ikkinchisida 61 foizni tashkil etadi.

Bug‘-gaz qurilmasi to‘liq tayyor holda joriy yil sentabr oyida ishga tushiriladi.

Davlat rahbari e'tiboriga loyiha amalga oshirilishi tufayli erishiladigan natijalar va bug‘-gaz turbinasining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari haqidagi taqdimotlar havola qilindi. 

Bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 3 milliard 454 million kilovatt-soat elektr energiya va issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha samarasida 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilg‘i sarfi kamayishi hisobidan yiliga o‘rtacha 829 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. 

Mamlakatimiz energetika tizimida 2025 yilgacha yana bir qator zamonaviy bug‘-gaz qurilmalarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ming nafardan ortiq xizmat ko‘rsatuvchi yuqori malakali mutaxassis tayyorlash zaruratini keltirib chiqaradi. 

Prezident ushbu ehtiyojni ta'minlash maqsadida Navoiy IES bazasida bug‘-gaz qurilmalari uchun xodimlar tayyorlaydigan o‘quv markazi tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Korxonada Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – JICA moliyaviy ko‘magida o‘quv markazi tashkil etildi. Hozirgi kungacha bu yerda 166 mutaxassis tayyorgarlikdan o‘tdi. 

Davlat rahbari korxonaning ishchilari va xorijlik investorlar bilan suhbatlashdi. 

Energetika tizimida amalga oshirilayotgan bunday yirik investitsiya loyihalari mavjud energetika quvvatlarini oshirish, eng muhimi, iste'molchilarni uzluksiz energiya manbai bilan ta'minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilashga zamin yaratadi.

Zamonaviy texnologiyalarning o‘rnatilishi esa yoqilg‘i sarf-xarajati va atrof-muhitga chiqarilayotgan zararni kamaytirish imkonini beradi.

Mavzuga oid