Yetti xazina haqida bilasizmi?
Xalqimiz yetti xazina deganda, sigir, tovuq, asalari, ipak qurti, objuvoz (moyjuvoz), tegirmon va o‘rmonni nazarda tutadi. Bu bejiz emas. Fikrimiz tasdig‘ini birgina asalari misolida ko‘radigan bo‘lsak, uning asali, zahri, suti, propolisi, gulchangi ming dardga davo, mumidan esa sanoatimizda keng foydalaniladi. Paxta dalalarida g‘o‘za gullagan davrda bir milliondan ko‘proq asalari oilalarini boqish mumkin. Ayni paytda respublikamizda 460 mingdan ziyod asalari oilasi mavjud.
Ipak qurti esa pillachilikda ancha asqotadi. Mazkur soha agrar tarmoqning asosiy yo‘nalishlaridan biri. Uning mahsuloti tabiiy ipak olish manbayi bo‘lgan ipak qurti pillalari hisoblanadi. Jahon bozorida ipak mahsulotlariga bo‘lgan talabning tobora oshib borayotganligi o‘z navbatida, mamlakatimizda pilla yetishtirish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish va sifatini yanada yaxshilashni taqozo etmoqda.
Respublikaning tabiiy iqlim sharoitida har ikkala soha turlari bilan shug‘ullanib, yaxshigina daromad olish uchun serasal o‘simliklarni ko‘paytirish, asalari oilasini tezkor texnologiya yo‘llari bilan boqish, ipakchilikda tutzorlarni ko‘paytirish, inkubatoriy va qurtxonalar uchun binolarni tanlash, ularni isitishga oid qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yurtimizning barcha hududlarida “Ipak qurti yetti xazinaning biri” va “Asalarichilik sirlari” mavzularida master-klasslar o‘tkazilyapti.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi hamda “O‘zbekistonasalarichilari” va “O‘zbekipaksanoat” uyushmalari bilan hamkorlikda Urganch tuman qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida “Asalarichilik sirlari” bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.
Unda ishsiz yoshlarni kasbga o‘rgatishga, ular o‘rtasida asalarichilikni keng targ‘ib etishga alohida e'tibor qaratildi. Sohaning tajribali mutaxassislari ma'ruzalarida asalarichilikda veterinariya xizmati, asalarilar hayoti va ularda uchraydigan kasalliklar hamda hozirgi kunda asalarilarni parvarishlashga qaratilgan imkoniyatlar bo‘yicha ishtirokchilar bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirdi.
O‘quv davomida Xorazm viloyati asalarichilik uyushmasi rahbari Orif Yunusov qatnashchilarni Xorazm viloyati asalarichilik uyushmasining faoliyati, maktab tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va belgilab berilgan talablar bilan tanishtirib o‘tdi.
Havaskor yoshlar Xorazm asallari qanday kasalliklarga davo bo‘lishi, 5 ta asalari uyasi parvarish qilish qancha mablag‘, vaqt talab qilishi hamda 1 yilda olinadigan daromad miqdori bilan bog‘liq asosli ma'lumotlarga ega bo‘ldi.
Qizg‘in savol-javoblar va murojaatlar davomida Shukurjon Jumaniyozova asalarichilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit olish bo‘yicha murojaat qildi. To‘g‘ri yo‘naltirilgan yosh fermerga o‘z hududidagi bankdan 3 yilga 6 oy imtiyozli davr bilan 8 % li kredit ajratilishi mumkinligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, eng kam oylik ish haqining 150 barobari miqdorida kredit oluvchilar uchun kafil ham ta'minot garovi ham talab qilinmasligi faqatgina mahalla raisi va sektor rahbari tomonidan kafillik xati yetarliligi yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Agro sayohatda asalarilar uyalari oldida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ishchi asalari, ona asalari, erkak asalarilar va asalarilarning 40-45 kun yashashi xususida fikr-mulohazalar yuritildi.
Bugungi kunda asallarni qayta ishlash bo‘yicha Xorazm viloyati asalarichilik uyushmasi tomonidan asalni qayta ishlovchi innovatsion “Polsha” texnologiyasi xorijdan O‘zbekistonga olib kelingan. Yosh fermerlar ayni shu sexga tashrif buyurishdi. Orif Yunusov mazkur uyushma sohaga qiziquvchi yoshlarga asalarichilik faoliyati bo‘yicha kredit olishlari uchun ko‘maklashishini, ustoz-shogird an'analariga muvofiq xar bir yosh uchun tajribali mutaxassis biriktirib, bir yil ichida “yosh asalarichi” mutaxassislarni tayyorlashini alohida ta'kidladi.
Bu kabi seminarlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham davom etdi. Amudaryo tumanidagi “Erkin Rasulov Asalchi” fermer xo‘jaligida “Asalarichilik sirlari” mavzusida ko‘rgazmali mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Asal yetishtirish usullari, asalarini boqish va ularga joy tanlash bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida 1 nafar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Amudaryo tumani Kengashi kafilligi asosida jazodan ozod etilgan va 3 nafar ishsiz yoshlar, 2 nafar kasb-hunar kollej bitiruvchilari asalarichilik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi. Ular kerakli tajriba oshirishlari uchun “Erkin Rasulov Asalchi” fermer xo‘jaligiga biriktirildi.
Shahnoza Nurullayeva