Iqtisodiyot | 21:00 / 14.03.2019
37597
4 daqiqa o‘qiladi

Mehdi Mahbub: «O‘zbekiston o‘z paxtasidan unumli foydalana olmayotganidan hayronman»

Bangladeshda 43 ming gektar maydonga paxta ekiladi. 2017 yilda paxta maydonlaridan 28 ming tonna paxta hosili olingan, xolos. Shunga qaramay, ushbu mamlakat to‘qimachilik sanoati bo‘yicha jahondagi yetakchi davlatlar qatorida turadi.

Mamlakatdagi to‘qimachilik kompaniyalari asosan import paxta evaziga o‘z biznesini olib boradi. Bangladesh bankining 2017 yilgi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatga import qilinadigan umumiy paxtaning 16 foiz qismi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kun.uz muxbiri kiyim-kechak eksporti sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bangladeshlik mutaxassis Mehdi Mahbub bilan iqtisodiyot, to‘qimachilik sanoati, tadbirkorlik va marketing masalalari bo‘yicha suhbatlashdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«O‘zbekiston imkoniyatlar va manbalarga boy mamlakat. Sizga ko‘p narsa in'om etilgan. Odamlar O‘zbekiston dengizga chiqa olmaydigan davlat deyishi mumkin, lekin hozir texnologiyalar va muloqot davri. Agar sizda aniq reja bo‘lsa, turli mashaqqatlar o‘z vaqti bilan hal bo‘lib ketadi. Sizda sanoatingizni rivojlantirishga kuchli xohish bor. O‘zbekiston jahon sifati darajasidagi paxta ishlab chiqaradi.

Bangladesh esa Hindiston, Pokiston, O‘zbekiston, hatto Avstraliya va AQShdan paxta sotib oladi. Bangladeshda kiyim-kechak sanoati 1978 yildan buyon - 40 yildan oshiq vaqt davomida muvaffaqiyatli rivojlanib kelmoqda. Biz jarayonning boshida – 1978 yilda 12 ming dollarlik mahsulotni eksport qilganmiz, xolos. Bugun bu mablag‘ 32 milliard dollarni tashkil etsa, rejamizga ko‘ra, eksport hajmini 50 milliard dollarga chiqarish niyatimiz ham yo‘q emas.

O‘zbekiston esa o‘z paxtasidan, bu serdaromad sohadan unumli foydalanmayotganiga hayronman. 

Bangladesh muvaffaqiyati siriga to‘xtalsak, bu daxldorlik hissi, tashabbusda deb o‘ylayman. Shuningdek, Bangladesh hukumatining moliyaviy siyosati doirasida xususiy sektorning qo‘llab-quvvatlanishi vaziyatni o‘zgartirib yuborgan», deydi Mehdi Mahbub paxta eksporti va Bangladeshning to‘qimachilik sohasidagi muvaffaqiyati to‘g‘risidagi savolga javoban.

Mehdi Mahbub

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil yakunlari bo‘yicha paxta tolasining umumiy eksport hajmidagi ulushi (1,6 foiz) o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda 222,1 million dollarlik 115,6 ming tonna paxta tolasi eksport qilingan.

Ma'lumot uchun, to‘qimachilik sohasini rivojlantirish maqsadida 2019 yil 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»ga qarori qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda soha rivoji bo‘yicha uch muhim bandni nazarda tutuvchi 2019-2025 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlashi kerak. 

Konsepsiyaning 3-bandida respublikada ishlab chiqariladigan paxta ip-kalavalarning butun hajmini qayta ishlash hisobiga 2025 yilga borib to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmini 7 milliard AQSh dollariga yetkazish belgilangan.

Suhbat «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi

Mavzuga oid