Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Kanada Ukraina sababli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi
Kanada tashqi ishlar vazirligi Kerch bo‘g‘ozida Ukraina kemalarining ushlanishi va Qrim sababli Rossiyaning 114 fuqarosi va 15 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Ta'kidlanishicha, sanksiyalar Rossiya tomonidan 2018 yil noyabrda Qora dengizda Ukrainaning uchta harbiy kemasiga qarshi jangovar harakatlar olib borilgani va ukrainalik dengizchilarning qo‘lga olinishiga javoban maxsus iqtisodiy choralar haqidagi qonunga binoan kiritilgan.
Ottava, jumladan, “Rosneft” rahbari Igor Sechin, VTB rahbari Andrey Kostin, prezidentning Janubiy federal okrugdagi vakili Vladimir Ustinov, “Suxoy”, “Tupolev”, “MiG”, “Silovyye mashiny”, “Stroygazmontaj” va yana o‘nta kompaniyaga qarshi sanksiyalar kiritgan.
Shuningdek, AQSh moliya vazirligi Ukrainadagi vaziyat sababli Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarni kengaytirgan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga 6 rossiyalik amaldor, jumladan chegara xizmati rahbari o‘rinbosari Gennadiy Medvedev, FXXning Qrim va Sevastopol bo‘yicha chegara boshqarmasi boshlig‘i Sergey Stankevich va uning o‘rinbosari Andrey Shenin, FXXning Qrim va Sevastopol bo‘yicha boshqaruv punkti xizmati boshlig‘i Ruslan Romashkin kiritilgan.
Shuningdek, sanksiyalar tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Aleksey Naydenko va komissiya kotibi Vladimir Visotskiyga, “Okeanpribor” va “Zvezda” AJ, Zelenodolsk zavodi, Yaroslavl kemasozlik zavodi, “Fiolent”, “Konsol-stroy”, “Novyye proyekty”, “Sudokompozit” korxonalariga qarshi kiritilgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi ham Kerchdagi voqea sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgandi.